O‘zbekiston Milliy axborot agentligi

01.09.2018 12:25 Chop etish versiyasi

OSIYO OʻYINLARI. Bokschilarimizdan dastlabki oltin

OSIYO OʻYINLARI. Bokschilarimizdan dastlabki oltin
Bugun Indoneziyaning Jakarta va Palembang shaharlarida davom etayotgan XVIII yozgi Osiyo oʻyinlarining aksariyat yoʻnalishlarida bahslar yakuniga yetadi. Jumladan, koʻpchilik muxlislarimizning eʼtiborini tortayotgan boks musobaqalarida ham oltin medal sohiblari aniqlanmoqda.

Bundan biroz muqaddam 49 kilogacha boʻlgan vazn toifasida Rio olimpiadasi gʻolibi, Osiyo chempioni Hasanboy Doʻsmatov hindistonlik mahoratli bokschi Amitga qarshi jang olib bordi. Bu ikki raqib oʻrtasida kechgan soʻnggi jangda 22 yoshli hind sportchisining qoʻli baland kelgan edi. Bu safar Hasanboy oʻsha magʻlubiyat uchun revansh olish, qolaversa Osiyo oʻyinlarida oʻzbekistonlik bokschilarning oltin medallari hisobini ochib berish maqsadida dastlabki daqiqalardan hujumga tashlandi. Biroq, himoyadagi xatolar natijasida raqibiga 3-2 hisobi bilan yutqazib qoʻydi.

52 kilogacha boʻlgan vazn toifasida yana bir hamyurtimiz Jasurbek Latipov Filippin terma jamoasi aʼzosi Rojen Ladon bilan kuch sinashdi. Ushbu jang 2-raunddayoq toʻxtatildi, boisi har ikki sportchi jarohat olishgani bois referi jangni davom ettirishga ruxsat bermadi. Hisob-kitoblarga koʻra kichik ustunlik bilan Jasurbek Latipov gʻalaba qozondi va istiqlolimizning 27 yillik toʻyiga dastlabki oltin medal tuhfa etildi.

Qolgan bokschilarimizdan ham gʻalabalar kutib qolamiz.

OʻzA