Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

29.08.2018 19:34 Chop etish versiyasi

Osiyo oʻyinlari-2018. Yengil atletikachimiz kumush medalga sazovor boʻldi

Osiyo oʻyinlari-2018. Yengil atletikachimiz kumush medalga sazovor boʻldi
Indoneziyaning Jakarta va Palembang shaharlarida davom etayotgan XVIII yozgi Osiyo oʻyinlari oʻz manzili sari tobora yaqinlashmoqda. Musobaqaning soʻnggi kunlari esa terma jamoamiz aʼzolari uchun ancha omadli kechayotgani quvonarli hol. Kecha kurashchilarimiz taqdim etgan medallar shodasiga javob tariqasida bugun dzyudochilarimiz ham mamlakatimiz sport delegatsiyasi medallar zahirasini boyitishdi. Albatta qolgan sport turlari ham ulardan qolishmaslikka harakat qilishmoqda. Jumladan yengil atletikachilarimiz ham.

Toʻgʻri, hozircha ushbu sport turidan terma jamoamiz aʼzolari oltin medalga sazovor boʻlishgani yoʻq. Ammo, kumush va bronza medallari ham chakki natija emas. Xususan, bugun uch hatlab sakrash musobaqalarida hamyurtimiz Ruslan Qurbonov kumush medalga sazovor boʻldi. U 16,62 metr natija bilan musobaqa gʻolibi boʻlgan hindistonlik Arpinder Sinxdan atigi 15 santimetrga ortda qoldi. Kuchli uchlikni esa 16,56 metr natija bilan Xitoy terma jamoasi aʼzosi Shuo Sao yakunlab berdi.

Bugun yengil atletikachilarimiz mamlakatimiz sport delegatsiyasi hisobiga oltin medal ham qoʻshib qoʻyishi mumkin. Buning uchun ayollar oʻrtasidagi balandlikka sakrash musobaqalarida terma jamoamiz aʼzolari Svetlana Radzivil va Nadejda Dusanovalar yana bir bora Inchxondagi matonatini namoyish etishlariga toʻgʻri keladi. Oʻshanda bu ikki sportchimiz musobaqaning oltin va kumush medalini qoʻlga kiritishgandi.

OʻzA
1 436