Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

29.08.2018 19:02 Chop etish versiyasi

Osiyo oʻyinlari-2018. Kurashchilarimizdan navbatdagi oltin

Osiyo oʻyinlari-2018. Kurashchilarimizdan navbatdagi oltin Shu kunlarda sport ixlosmandlarining nigohi Indoneziyaning Jakarta va Palembang shaharlariga qaratilgan, desak adashmaymiz. Zero qitʼamizning eng sara atletlari jamuljam boʻlishgan hisob boʻyicha 18-Osiyo oʻyinlarida mamlakatimiz sportchilari ham muvaffaqiyatli ishtirok etishyapti.

Musobaqaning oʻninchi kuniga kelib Oʻzbekiston sport delegatsiyasi tomonidan qoʻlga kiritilgan oltin medallar soni 10tadan oshib ketdi. Jumladan, bugungi bellashuvlarda kurash boʻyicha ayollar oʻrtasida 63 kilogacha boʻlgan vazn toifasidagi bahslarda hamyurtimiz Dildor Shermatova shohsupaning eng yuqori pogʻonasiga koʻtarildi.

Shu kungacha Turkiyaning Istambul shahrida oʻtkazilgan jahon chempionati (2017 yil) hamda yopiq inshootlardagi Osiyo oʻyinlari(Ashxobod, 2017 yil)da gʻalaba qozongan sportchimiz oʻz shaxsiy kolleksiyasini yozgi Osiyo oʻyinlarining oltin medali bilan boyitdi.

U avvaliga filippinlik raqibasi ustidan sof gʻalabaga erishdi. Ikkinchi davrada esa Dildor afgʻonistonlik Nafisa Ahmadiyga ham hech qanday imkoniyat qoldirmadi. Chorak final doirasida Xitoy Taypeyi vakilasi Xuang Shixanning ancha jiddiy qarshiligiga duch kelgan hamyurtimiz yarim finalda mezbon kurashchi Shifa Hasaniy ustidan ham ishonchli gʻalabaga erishdi. Va nihoyat finalda Dildor Shermatova Moʻgʻuliston vakilasi Basanjargal Bayarbatni 3-0 hisobida magʻlub etdi. Shu tariqa oʻzbek kurashi ustalari Osiyo oʻyinlarida terma jamoamiz hisobiga oʻzlarining toʻrtinchi oltin medalini qoʻshib qoʻyishdi. Ushbu vazn toifasida gilamga chiqqan yana bir vakilamiz Muxlisa Abdumalikova esa bronza medaliga sazovor boʻldi.

OʻzA
2 661