O‘zA O`zbek

28.08.2018 18:59 Chop etish versiyasi

Osiyo oʻyinlari-2018. Kurashchilarimizdan medallar shodasi

Osiyo oʻyinlari-2018. Kurashchilarimizdan medallar shodasi Indoneziyaning Jakarta va Palembang shaharlarida davom etayotgan XVIII yozgi Osiyo oʻyinlarining bugungi musobaqalari Oʻzbekiston sport delegatsiyasi uchun barakali boʻldi, desak mubolagʻa qilmaymiz. Bugun sportning bir qator yoʻnalishlarida hamyurtlarimiz oʻz omadini sinovdan oʻtkazishdi va quvonarlisi atletlarimiz ajoyib gʻalabalari bilan muxlislariga bir olam quvonch ulashdi.

Bugun Osiyo oʻyinlari dasturida Vatanimiz sharafini yengil atletika musobaqalarida Nigina Sharipova, Yekaterina Voronina hamda Sitora Hamidova, badiiy gimnastikaning yakkalik bahslarida Sabina Toshkenboyeva hamda Nuriniso Usmonova, boks ringlarida Jasurbek Latipov, Shunqor Abdurasulov va Bobousmon Baturov, shuningdek ot sporti terma jamoamiz va nihoyat milliy kurashimiz ustalari himoya qilishdi.

28 avgust kungi bellashuvlar doirasida koʻpchilikning eʻtibori aynan kurash musobaqalariga qaratilgan edi, desak xato boʻlmaydi. Boisi, bu bizning milliy sportimiz va unda polvonlarimizning gʻolib chiqish imkoniyatlari ancha yuqori. Amalda ham shunday boʻldi. Erkaklar oʻrtasidagi bellashuvlarda ishtirokchilar 4ta vazn, ayollar orasida esa uchta vazn toifasida gʻoliblik uchun bel olishdi. Qizgʻin va murosasiz kechgan bahslar yakunida terma jamoamiz aʻzolari uchta oltin, bitta kumush va ikkita bronza, jami oltita medalga sazovor boʻlishdi.

Erkaklar oʻrtasidagi musobaqalarda 66 kilogacha boʻlgan vaznda Maʻruf Gʻaybullayev hamda 90 kilogacha vazn toifasida Muhsin Hisomiddinovlar oltin, Ruslan Boʻriyev kumush va yana bir ogʻir vaznli polvonimiz Nurbek Toʻrayev bronza medalini qoʻlga kiritishdi. Ayollar oʻrtasida kechgan bellashuvlarda esa 52 kilogacha boʻlgan vazn toifasida Gulnor Sulaymonova oltin va xuddi shu vaznda Oysuluv Abdumajidova bronza medali bilan taqdirlanishdi. Ushbu muvaffaqiyatlardan soʻng mamlakatimiz sport delegatsiyasidagi jami medallar soni 38taga yetdi. Shundan 9tasi oltin, 15ta kumush va 14ta bronza medallaridir.

OʻzA
2 858