O‘zA O`zbek

31.08.2018 17:02 Chop etish versiyasi

Osiyo oʻyinlari-2018. Dzyudochilarimizdan qoʻsh medal

Osiyo oʻyinlari-2018. Dzyudochilarimizdan qoʻsh medal
XVIII yozgi Osiyo oʻyinlari doirasidagi dzyudo musobaqalarida bugun Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzolari yana ikkita medalga sazovor boʻlishdi.

Dastlab 90 kilogacha boʻlgan vazn toifasida tatamiga chiqqan hamyurtimiz Shahzodbek Sobirov birinchi bosqichda BAA vakili Serjiu Tomaga hech qanday imkoniyat qoldirmadi. Biroq chorak finalda u moʻgʻulistonlik Altanbagana Gantulgadan kichik hisobda magʻlubiyatga uchradi. Sobirovning baxtiga Gantulga finalgacha gʻolibona yurishini davom ettirdi va bu Shahzodbekka oʻtish bahslarida qatnashish imkonini taqdim etdi. Oʻtish bahsida livanlik Nasif Eliasdan ustun kelgan oʻzbekistonlik kurashchi bronza medali uchun kechgan qiziqarli bellashuvda Yaponiya terma jamoasi aʼzosi Mashu Bakerdan magʻlubiyatga uchradi.

100 kilogacha boʻlgan vazn toifasidagi vakilimiz Sherali Joʻrayev birinchi davrada nepallik raqibi ustidan ishonchli gʻalabaga erishdi. Biroq u ham chorak final bosqichida Moʻgʻuliston terma jamoasi aʼzosiga imkoniyatni boy berib qoʻydi. Oʻtib bahsida Joʻrayev yon qoʻshnimiz Turkmaniston terma jamoasi vakili Botir Xoʻjamuhamedov ustidan sof gʻalabaga erishdi. Bronza medali uchun kechgan bellashuvda hamyurtimiz BAA vakili Ivan Remarenkoni ham ishonchli tarzda magʻlubiyatga uchratdi va Oʻzbekiston sport delegatsiyasi hisobiga yana bir bronza medalini qoʻshib qoʻydi.

Eng ogʻir, yaʼni 100 kilodan yuqori vazn toifasida kechgan bellashuvlarda vatanimiz sharafini himoya qilgan Bekmurod Oltiboyev ham sovrindorlar safidan joy oldi. Ushbu vazn toifasida ishtirokchilar soni u qadar koʻpchilikni tashkil etmagani bois Oltiboyev toʻgʻridan toʻgʻri chorak finaldan bahslarga kirishdi va Yaponiya vakili Takeshi Ojitaniga yutqazib qoʻydi. Ammo oʻtish bahsida xitoylik Yunji Yen ustidan qozonilgan gʻalaba Bekmurod uchun bronza medali sari yoʻl ochdi. Bu bosqichda unga eronlik Javod Maxjub roʻbaroʻ keldi. Ancha murosasiz kechgan bellashuvda Oltiboyev raqibini kichik ustunlik bilan magʻlub etgan holda bronza medalini qoʻlga kiritdi.

OʻzA
2 406