O‘zA O`zbek

27.08.2018 17:51 Chop etish versiyasi

Osiyo o'yinlari - 2018: Bugunning oʻzida hozircha bittadan kumush va bronza medali bor

Osiyo o'yinlari - 2018: Bugunning oʻzida hozircha bittadan kumush va bronza medali bor

Indoneziyaning Jakarta va Palembang shaharlarida qizgʻin pallaga kirgan Osiyo oʻyinlarida hamyurtlarimiz medallarni qoʻlga kiritishda davom etishyapti.

Kunning birinchi yarmida karate boʻyicha Oʻzbekiston sharafini himoya qilayotgan Bahriniso Boboyeva BAA hamda Tailand vakillarini magʻlubiyatga uchratib, finalga yoʻl olgandi. Hal qiluvchi bahsda Xitoy Taypeyi vakilasi Shiashuang Guga 2:3 hisobida yutqazib qoʻydi va yakunda kumush medal bilan kifoyalandi. Sportning ushbu turi boʻyicha kurash olib borgan yana bir yurtdoshimiz Shahboz Axatov esa bronza medali uchun jangda Xitoy Taypeyi vakiliga imkoniyatni boy berib qoʻydi. Aslidabahs 5:5 koʻrinishidagi durang bilan yakunlangandi, ammo hakamlarlar faollik evaziga gʻalabani raqibga berishdi.

Shuningdek, ogʻir atletika sport turidan ham medallarimiz bor. Rustam Jangabayev dast koʻtarishda 203, siltab koʻtarishda esa 252 kg toshni oʻziga boʻysundirib, umumiy koʻrsatkichni 455 kg.ga yetkazgan holda bronza medali bilan taqdirlandi.

Osiyo oʻyinlarida medallar jamgʻarish boʻyicha asosiy “qurolimiz” boʻlgan bokschilarimiz hozircha ishonchni oqlashmoqda. Ertalab Hasanboy Doʻsmatov laoslik raqibiga hech qanday imkoniyat qoldirmagan holda yirik hisobda gʻalaba qozongandi. Undan keyin ringa koʻtarilgan Iqboljon Xoldorov (64 kg) ham Hasanboyning “ishini” takrorladi – iordaniyalik Obada Alkasbehga qarshi jang oʻtkazgan Iqboljon ham raqibini 5:0 hisobida dogʻda qoldirdi.

Ayni paytda 56 kg.lilar oʻrtasida bahslar boʻlib oʻtmoqda. Bu vaznda kurash olib borayotgan Miraziz Mirzahalilov iordaniyalik Muhammad Alvadiga qarshi jang oʻtkazdi. Va bir necha daqiqa oldin yakuniga yetgan jangda kutilganidek hamyurtimiz yirik – 5:0 hisobida zafar quchdi. Boks musobaqasining kechki dasturlarida hamyurtlarimizdan Isroil Madrimovning (75 kg) moʻgʻulistonlik Davaanyam Davaasurenga qarshi janggini ham tomosha qilishingiz mumkin.

Badiiy gimnastika boʻyicha ishtirok etayotgan qizlarimiz jamoaviy bahslarda 155,300 ball jamgʻarishib, final yoʻllanmasini deyarli hal qilib qoʻyishdi. Ayni paytda boshqa guruhlarda jamoaviy bahslar davom etmoqda.

O'zA
1 865