Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

31.08.2018 18:17 Chop etish versiyasi

Osiyo oʻyinlari-2018. Bokschilarimizning barchasi finalda

Osiyo oʻyinlari-2018. Bokschilarimizning barchasi finalda
XVIII yozgi Osiyo oʻyinlarining boks musobaqalarida barcha finalchilar nomi maʼlum boʻldi. Quvonarlisi, barcha yetti vazn toifasida ham terma jamoamiz aʼzolari finalga yoʻl olishdi. Avval xabar berganimizdek, kunning birinchi yarmida toʻrt nafar atletimiz final masalasini ijobiy hal qilishgan boʻlsa, ularning gʻalabali odimini Miraziz Mirzahalilov (56 kg), Iqboljon Xoldorov (64 kg) hamda terma jamoamiz sardori Isroil Madrimov (75 kg) ham davom ettirishdi.

Ushbu musobaqalarda ilk marotaba ishtirok etayotgan Miraziz Mirzahlilov oʻz vazn toifasida mezbonlar vakili Sunan Agung Amoragamga qarshi final yoʻllanmasi uchun jang qildi. Sportda shunday ibora bor: “oʻz uyingda devorlar ham suyaydi”. Ammo hamyurtimiz jangda katta ustunlikka erishdiki, devorlar ham, hakamlar ham Indoneziya vakiliga yordam berolmadi va Mirzahalilov finalda.

Shundan soʻng ringga 64 kilo vazn toifasidagi bokschilar taklif etildi va unda Osiyo chempioni, terma jamoamiz tarkibidagi eng yosh bokschi Iqboljon Xoldorov yaponiyalik raqibiga hech qanday imkoniyat qoldirmadi. Hakamlarning barchasi ushbu jangda Iqboljon gʻolib chiqqanligini eʼtirof etishdi va oltinchi bokschimiz ham finalga yoʻl oldi.

Osiyo oʻyinlarining boks yoʻnalishidagi eng ogʻir vazn toifasi – 75 kilogacha boʻlgan charm qoʻlqop ustalari oʻrtasidagi bahslarda terma jamoamiz bayroqdori Isroil Madrimov ishtirok etmoqda. Bungacha barcha janglarda katta ustunlikka erishgan Madrimov yarim final doirasida filippinlik Mirsial Feliksning jiddiy qarshiligiga duch keldi. Filippin vakili bungacha qozogʻistonlik bokschini musobaqadan chiqarib yuborgani bejiz emasligini isbotladi va Madrimovga qarshi jangda ham hakamlarning ikki nafari gʻalabani aynan Feliksga taqdim etdi. Ammo, qolganlar hamyurtimizga ovoz berishdi va shu tariqa boks boʻyicha terma jamomiz toʻliq tarkibda finalga yoʻl oldi.

XVIII yozgi Osiyo oʻyinlarining boks boʻyicha final bellashuvlari 1 sentyabr kuni soat 14:00dan boshlanadi. Umid qilamizki, bokschilarimiz eng ulugʻ va eng aziz bayramimiz – Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining 27 yilligiga munosib sovgʻa hozirlashadi.

Otabek Eshmamatov, OʻzA
2 160