O‘zA O`zbek

28.08.2018 12:58 Chop etish versiyasi

OSIYO OʻYINLARI-2018: Bokschilarimiz yutishyapti, chavandoz va atletlarimiz ishtiroki ham yomon emas

OSIYO OʻYINLARI-2018: Bokschilarimiz yutishyapti, chavandoz va atletlarimiz ishtiroki ham yomon emas

Indoneziyaning ikki yirik shaharlari – Jakarta va Palembangda davom etayotgan navbatdagi Osiyo oʻyinlarida ishtirok etayotgan sportchilarimizning kuniga turli koʻrinishdagi medallarni qoʻlga kiritishlariga koʻnikib qoldik. Medalarning eng yaxshisi – oltini boʻlsa yana yaxshi. 

Kechagi kun ham vakillarimiz uchun “quruq” oʻtmadi – ikkita kumush va bitta bronza medaliga sazovor boʻldik. Karate boʻyicha -50kg vazn toifasida yurtimiz sharafini himoya qilgan Bahriniso Boboyeva oʻz chiqishlarida Filippin, BAA hamda Tailand davlati sportchilarini magʻlubiyatga uchratib, hal qiluvchi bosqichga qadar yetib bordi. Faqat finalda Xitoy Taypeyi vakili Shiashuang Guga kichik - 2:3 hisobida yutqazib qoʻydi va kumush medali bilan kifoyalandi. Medallarning kumushi bilan badiiy gimnastikachilarimizning ham taqdirlanishi yurtimizda bu sport turiga boʻlgan eʻtibor boshqalardan kam emasligini isbotladi. Badiiy gimnastikaning jamoaviy bahslarida ishtirok etgan qizlarimiz (Sabina Toshkenboyeva, Nuriniso Usmonova, Dildora Rahmatova va Asal Ikromova) umumiy hisobda 155,3 ball toʻplab, ikkinchi natijani qayd etishdi va delegatsiyamiz hisobiga navbatdagi kumush medallarni qoʻshib qoʻyishdi. Ogʻir atletikada +105kg vazn toifasidagi bahslarda ishtirok etgan Rustam Jangabayev dast koʻtarishda 203, siltab koʻtarishda esa 252 kg natijani qayd etgan holda umumiy hisobda 455 kg natija bilan bronza medali egasiga aylandi.

Shu tariqa Osiyo oʻyinlarining toʻqqizinchi kuni yakunlariga koʻra, terma jamoamiz sportchilari hisobida 31ta medal jamgʻarildi - 6ta oltin, 13ta kumush va 12ta bronza.

Bugun, biroz avval xabar qilinganidek, delegatsiyamiz aʻzolari sportning Olti turi boʻyicha musobaqalarda qatnashishadi. Ayni paytga qadar bir qator natijalar qayd etildi ham. Jumladan, Boks boʻyicha chorak final bahslarida sportchilarimiz ishtirokini boshlab berish Jasurbek Latipovning “chekiga” tushdi. 52 kg vaznda ringga koʻtarilgan Andijon boks maktabi tarbiyalanuvchisi Jasurbek Latipov indoneziyalik Aldoms Sugaroga qarshi jang olib bordi va uni yirik -4:1 hisobida magʻlubiyatga uchratib, yarim finalga yoʻllanma oldi. Birinchi jangdan koʻp oʻtmay ikkinchisi ham boshlandi. Unda bokschimiz Shunqor Abdurasulov (60 kg) qirgʻizistonlik raqibiga qarshi jang qildi va bu oʻyin ham hamyurtimizning 3:2 hisobidagi gʻalabasi bilan yakun topdi. Bugun kechga yaqin Bobousmon Baturov (69 kg) ham oʻz chiqishlarini namoyish etadi.

photo5199933991103342962.jpg

Ot sporti boʻyicha chavandozlarimizning ishtiroki ham hozircha koʻngildagidek ketmoqda. 

photo5199933991103342961.jpg

Gʻayrat Nazarov, Nurjan Tuyakbayev, Umid Komilov va Oqiljon Sobirjonovdan iborat jamoaviy vakillarimiz saralash bosqichidan muvaffaqiyatli oʻtib, final bosqichiga yoʻl olishdi.

Sinxron suzish bahslarining saralashidan muvaffaqiyatli oʻtgan Anastasiya Morozova va Anna Yeltisheva juftligi finalda oltinchi natijani qayd etishdi.

Yengil atletika boʻyicha koʻpkurashda ishtirok etayotgan Yekaterina Voronina 100 metrga yugurish bahslarida 10-natijani qayd etdi. Balandlikka sakrashda esa hozircha uchinchi oʻrinda bormoqda. U shuningdek, kun davomida koʻpkurash va yadro uloqtirish bahslarida ham nimalarga qodir ekanligini isbotlashga harakat qiladi. Nigina Sharipova 200 metrga yugurish bahslarida 23,31 soniya natija bilan oʻz guruhida birinchi boʻlib marraga yetib keldi va yarim finalga yoʻl oldi. Shuningdek, hademay Sitora Hamidova ham 5000 metrga yugurishda startga chiqadi.

photo5199933991103342963.jpg

Osiyo oʻyinlarida ilk marotaba rasmiy ravishda oʻtkazilayotgan oʻzbek milliy kurashi ham bugun oʻz faoliyatiga kirishdi. Quvonarligi, hamyurtimiz Maʻruf Gʻaybullayev oʻzbekistonliklar ishtirokini gʻalaba bilan boshladi – u mezbon vakilini yirik – 10:0 hisobida magʻlub eta oldi. Kun davomida Gulnora Sulaymonova (52kg), Oysuluv Abdumajidova (52 kg), Ruslan Boʻriyev (66 kg), Nurbek Toʻrayev (+90 kg) va Muhsin Hisomiddinov (+90 kg) gimlamga chiqishadi.

Medallarga daʻvogarlik qilayotgan Badiiy gimnastika ustalarimiz Sabina Toshkenboyeva va Nuriniso Usmanovalar bugun yakkalik bahslarida final bosqichida oʻz yurtimiz sharafini himoya qilishadi.

O. Yunusov, OʻzA
2 160