Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

29.08.2018 20:12 Chop etish versiyasi

Osiyo oʻyinlari-2018. Balandlikka sakrashda qizlarimiz yana qitʼada tengsiz

Osiyo oʻyinlari-2018. Balandlikka sakrashda qizlarimiz yana qitʼada tengsiz XVIII yozgi Osiyo oʻyinlarining oʻninchi kungi bahslarini mamlakatimiz atletlari yorqin gʻalaba bilan yakunlashdi. Jumladan yengil atletikaning ayollar oʻrtasida balandlikka sakrash musobaqalarida hamyurtlarimiz Nadya Dusanova hamda Svetlana Radzivil bu safar ham ishonchni oqlashdi.

Balandlikka sakrash musobaqalarini ishtirokchilar 1 metru 65 santimetrli toʻsiqdan boshlashdi. Balandlik oshib borgani sari atletlar ham saralanib boraverdi. Nihoyat 1 metru 80 santimetrlik toʻsiqdan olti nafar sportchi oshib oʻtishdi. Ular orasida ikki nafar hamyurtimizdan tashqari qozogʻistonlik Nadejda Duboviskaya, shuningdek Xitoy, Vyetnam va Gonkong terma jamoalari aʼzolari bor edi.

Keyingi marra 1 metru 84 santimetrlik toʻsiqdan yana Dusanova, Radzivil hamda Duboviskayalar oshib oʻtishdi, qolganlar esa ishtirokini yakunlashdi. Medallar uchun kurash mana uch sportchi oʻrtasida kechishi aniq boʻlgandi. Dusanova marrani 4 santimetrga koʻtardi, ammo birinchi urinishda u bu balandlikni zabt etolmadi. Radzivil esa qiyinchiliksiz

1 metru 88 santimetrlik toʻsiqdan oshib oʻtdi va yetakchilikni oʻz qoʻliga oldi. Dusanova ham ikkinchi urinishida bu balandlikni zabt etdi, lekin qozogʻistonlik sportchining omadi kelmadi va u bronza medaliga ega chiqdi.

Oltin medal egasini aniqlash uchun kechgan kurashda avvaliga qizlarimizning har ikkisi 1 metru 91 santimetrlik natijani zabt etishdi. Keyingi marra 1 metru 94 santimetr balandlikdan Nadya birinchi urinishdayoq oshib oʻtdi. Radzivil esa ushbu marrani zabt etishda biroz muammoga duch keldi va uchinchi urinishdagina ushbu balandlikni zabt etishga muvaffaq boʻldi. Nihoyat 1 metru 96 santimetrlik balandlikdan Radzivil birinchi urinishdayoq oshib oʻtdi, Dusanova esa shu yerga kelganda kurashni toʻxtatdi. Shunday qilib Svetlana Radzivil ikki karra Osiyo oʻyinlari gʻolibiga aylandi. Dusanova esa kumush medalga sazovor boʻldi.

OʻzA
2 017