O‘zA O`zbek

27.08.2018 16:38 Chop etish versiyasi

Osiyo oʻyinlari - 2018: Bahriniso Boboyeva Osiyo oʻyinlari kumush medalini qoʻlga kiritdi

Osiyo oʻyinlari - 2018: Bahriniso Boboyeva Osiyo oʻyinlari kumush medalini qoʻlga kiritdi

Ayni kunlarda Indoneziyaning Jakarta va Palembang shaharlarida qizgʻin va murosasiz tarzda kechayotgan XVIII Osiyo oʻyinlarida Oʻzbekiston terma jamoasi tarkibida bahslarga kirishgan namanganlik sportchi Bahriniso Boboyeva Vatanimiz sharafini munosib himoya qilib, gʻoliblar safidan joy oldi.

Musobaqa dasturidan joy olgan karate boʻyicha 50 kilogramm vazn toifasida bellashgan Bahriniso dastlabki jangda filippinlik Junna Sukini 2:1 hisobida magʻlubiyatga uchratdi. Chorak finalda esa BAAdan kelgan raqibi Alajmi Havra ustidan yaqqol ustunlikka ega boʻldi. Yakuniy hisob - 5:1.

Yarim final uchrashuvida iqtidorli sportchimizga tailandlik Raksachart Pavina toʻqnash keldi va bitta aniq zarba hisobiga zafar quchdi.

Taassufki, Bahriniso Boboyeva hal qiluvchi oʻyinda ham gʻalaba qozonib, oltin medalga ega chiqishi uchun atigi bir ochko kamlik qildi. Xitoy Taypeyi vakilasi Shiashuang Gugaga qarshi tatamiga chiqqan hamyurtimiz raqibasiga 2:3 hisobida yutqazib qoʻyib, Osiyo oʻyinlarining kumush medalini qoʻlga kiritdi.

Qayd etish joiz, murabbiy Abdulla Salimov qoʻl ostida sharqona yakka kurash turi bilan 7 yildan buyon shugʻullanib kelayotgan Bahriniso Oʻzbekiston chempionati va kubogi musobaqalarida koʻp karra chempionlik unvoniga sazovor boʻlib, oltin medallarni qoʻlga kiritgan.

Shuningdek, u Toshkent shahri hamda Qirgʻiziston, Malayziya, Qozogʻiston, Ispaniya davlatlarida oʻtkazilgan xalqaro turnir va musobaqalarda ham medallar bilan taqdirlangan.

O'zA
2 943