O‘zA O`zbek

27.08.2018 19:27 Chop etish versiyasi

Osiyo oʻyinlari-2018. 24 yillik orzu sarobga aylandi

Osiyo oʻyinlari-2018. 24 yillik orzu sarobga aylandi

Indoneziyaning Jakarta va Palembang shaharlarida oʻtkazilayotgan XVIII yozgi Osiyo oʻyinlarida oʻzbekistonlik sportchilar ham munosib ishtirok etib kelishmoqda. Xususan, yakkakurash turlarida qayd etilayotgan natijalar kishini quvontiradi. Ammo, sportning jamoaviy oʻyin turlarida negadir hech omadimiz yurishmaydi. Bu safargi Osiyo oʻyinlarida ham afsuski bu hol takrorlandi.

Aslida Indoneziyaga jamoaviy oʻyin turlaridan faqatgina futbol boʻyicha olimpiya terma jamoamiz yoʻl olgandi. Gandbol, basketbol hamda voleybol singari yoʻnalishlardan esa negadir terma jamoalarimiz Osiyo olimpiadasida ishtirok etishni lozim koʻrishmadi. Joriy yilning yanvar oyida Ravshan Haydarov boshchiligidagi olimpiyachilarimiz oʻz tengqurlari (aslida ukalari) orasida Xitoyda oʻtkazilgan Osiyo chempionatida gʻoliblikni qoʻlga kiritishgach, koʻpchilik Indoneziya yashil maydonlarida ham bu jamoadan yuksak natija kutishayotgandi. Shu maqsadda futbolchilarimiz boʻlajak musobaqaga jiddiy tayyorgarlik koʻrishdi, oʻz navbatida Oʻzbekiston futbol asssosiatsiyasi Haydarov shogirdlarining Osiyo oʻyinlariga puxta hozirlik koʻrishlari uchun barcha sharoitlarni yaratib berishdi ham. Ammo, lekin, biroq,...

Osiyo oʻyinlari boshlanishi oldidan terma jamoamiz favoritlardan biri sifatida eʻtirof etilayotgandi. Bashoratlarni yosh futbolchilarimiz ham chorak finalgacha oqlashdi. Oʻtkazilgan toʻrtta oʻyinning barchasida gʻalaba, kamiga raqiblar darvozasi 13 (!) marta ishgʻol etilgan holda oʻz darvozasi daxlsizligini saqlab qolish – bularning barchasi tom maʻnoda boʻlgʻusi chempionlarga yarashadigan koʻrsatkichlar. Biroq, chorak finalda hamyurtlarimizning gʻolibona yurishi ham, oʻz darvozasi daxlsizligini saqlab qolishi ham toʻxtatildi.

Shu oʻrinda vakillarimiz qaysi jabhalarda raqibiga yutqazdi, degan savolga qisman javob axtarib qoʻrsak. Sir emaski, Ravshan Haydarov tavakkalchi murabbiylar toifasiga kirmaydi. Ushbu mutaxassis xalqimizning “yetti oʻlchab bir kes”, maqoliga qattiq amal qiladiganlardan. Bu esa har doim ham qoʻl kelavermaydi. Bugun futbol oddiygina sport turi emas, balki sanoat darajasiga chiqib ulgurdi. Dunyoning koʻplab kompaniyalari borki, Osiyo oʻyinlari kabi nufuzli musobaqalarda futbolchilarning maydonda qanday harakat qilishini aniq-tiniq tahlil qilib berishadi. Aytaylik, Javohir Siddiqovning oʻyin davomida maydonda qancha masofani bosib oʻtishi, oʻng oyogʻida qancha zarba berganiyu chap oyoqda raqib darvozasi tomon yoʻllangan zarbalari, toʻp bilan qanday muomala qilishidan tortib ikkinchi qavatda yoki yakkakurashlar chogʻida necha foiz ustunlikka erishishini hisob-kitob qilib beradi. Bu esa murabbiylar uchun ayni muddao, desak xato boʻlmaydi.

Muammo shundaki, Ravshan Haydarov guruh bosqichi va hattoki pley-offdagi ilk oʻyinda ham tarkibni oʻzgartirmadi. Toʻgʻri, odatda oʻzini hurmat qilgan mutaxassislar gʻolib chiqqan tarkibni boʻlar-boʻlmasga oʻzgartiraverishmaydi. Buning yaxshi jihati, futbolchilar oʻyindan oʻyinga bir-birini yaxshiroq tushunib boradi. Lekin, masalaning ikkinchi tomoni ham borki, bundan koʻz yumib boʻlmaydi. Raqib jamoa murabbiylari muntazam bir xil tarkib va taktikada harakat qiladigan jamoaga qarshi qanday oʻynash kerakligini yaxshi oʻzlashtirib olishadi.

Ochigʻini aytish kerak, guruh bosqichidagi raqiblarimiz, hattoki Gonkongdan ham biz bir bosh ustun edik. Shu bois ular termamizga qarshi qandaydir qurol hozirlagan boʻlishsa-da, futbolchilarning mahorati evaziga maqsadimizga erishdik, to chorak finalgacha. Ammo, musobaqaning ayni shu bosqichida vakillarimiz chinakamiga jiddiy raqibga toʻqnash keldi. Bu bizga Osiyo chempionatida 4-0 hisobida imkoniyatni boy bergan jamoa emasdi, garchi tarkibning oʻzagini aynan Xitoyda oʻtgan musobaqada ishtirok etgan futbolchilar tashkil etishgan boʻlsa-da. Jamoa safiga nafaqat Janubiy Koreya, balki bugungi Osiyo futbolining yorqin yulduziga aylangan Son Xyon Minning qoʻshilishi chorak finaldagi raqibimizni sezilarli darajada kuchaytirdi, desak mubolagʻa boʻlmaydi. Qolaversa, murabbiylar shtabi oʻyinlarda tez-tez rotatsiyaga ham qoʻl urib turishdi. Shu bois Haydarov raqibga qarshi taktika tanlashda muammolarga duch keldi. Natija esa oʻzingizga maʻlum, Janubiy Koreya yarim finalda, biz esa uyga qaytamiz. Alam qiladigani, jamoamizning salohiyati bundan koʻprogʻiga qodir edi. Faqat yana oʻsha eski muammo – murabbiylarning saviyasi tufayli ogʻzimizdagi oshni oldirib qoʻydik. 

Yana necha yil Xirosimadagi yorqin gʻalabamizni eslab yurar ekanmiz?!

Otabek Eshmamatov, O'zA
2 863