Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

30.08.2018 19:41 Chop etish versiyasi

OSIYO OʻYINLARI-2018: 12-kunda uchtadan oltin va bronza, ikkita kumush medal qoʻlga kiritildi – Osiyo oʻyinlaridagi rekordimiz yangilandi

OSIYO OʻYINLARI-2018: 12-kunda uchtadan oltin va bronza, ikkita kumush medal qoʻlga kiritildi – Osiyo oʻyinlaridagi rekordimiz yangilandi Bugun yurtimizda quyoshli tong otib, hali dasturxon atrofiga jamlanib ulgurmasimizdan Indoneziya tomonlardan ketma-ket xushxabarlar kela boshladi. Ushbu mamlakatning Jakarta va Palembang shaharlarida oʻtayotgan Osiyo oʻyinlarining oʻn birinchi kunida bir qator sportchilarimiz erta tongdanoq oltin, kumush va bronza medallarga sazovor boʻldi.

Qitʼaning nufuzli musobaqasida ikki yuzdan ziyod vakili bilan ishtirok etayotgan sportchilarimiz oʻn kundan ortdiki kuniga medallar bilan taʼminlanib turdi. Ayniqsa, kechagi kun hamyurtlarimiz uchun ancha barakali, samarali va albatta, omadli keldi, desak mubolagʻa boʻlmas.

Bir kunda uchta oltin medal – ertalab dzyudo boʻyicha Diyor Oʻrozboyev boshlab berdi, kurashdan Dildora Shermetova davom ettirdi, oqshomda esa Svetlana Radzivil yakunlab qoʻydi. Ayniqsa, yengil atletikaning balandlikka sakrash turidan oʻzbekistonliklarning chiqishlari nafaqat stadiondagi muxlisu, mutaxassislarni hattoki oynai jahon qarshisidagi qitʼa sportsevarlarining eʼtiborini oʻziga qaratdi. Ikki vakilimiz – Svetlana va Nadiyaning koʻrsatgan “karomatidan” barcha hayratda qoldi. Qitʼaning shu sohadagi yetakchilari balandlikning 1,84 metridayoq ishtiroklarini toʻxtatdi. Bu koʻrsatkichni ham atigi bir nafar sportchi – qozogʻistonlik Nadejda Duboviskaya bajardi xolos, qolganlari 1,80 koʻrsatkichlari bilangina kifoyalangandi. Ana undan keyin chinakam “oʻzbekistonliklar derbisi” boshlandi-yu. Svetlanaga koʻp yillik tajriba qoʻl kelgan boʻlsa, Nadiyaga yoshlik shijoati asqotayotgandi. Xalaqit beradigan, daʼvo qiladigan hech kim yoʻq, plankani istagancha koʻtarish va istagan paytda musobaqani toʻxtatish faqat oʻzbekistonliklarning oʻz qoʻllarida. Shunday boʻldi ham. Musobaqani raqobatchi sifatida boshlagan boshqa sportchilar hangu mang bilan, sportchilarimiz esa plankani koʻtarish bilan ovora boʻldilar. Oxir-oqibat har ikkala sportchimiz oltin va kumush medallarini oʻzaro boʻlishib oldi. Xususan, Svetlana Radzivil 1,96 metrni zabt etgan holda oltin medalni qoʻlga kiritgan boʻlsa, Nadiya Dusanova 1,94 metrga sakradi va kumush medal sohibasiga aylandi. Svetlananing siz koʻrib turgan suratlari jahon ommaviy axborot vositalarida bir necha bor namoyish etilgan, ularning bari bir-biriga oʻxshash, lekin sport musobaqalarining nufuzi, manzili, muddati turlicha. Yuqoridagi surat esa aynan Indoneziyadan.

Kecha shuningdek, Ruslan Qurbonov (yengil atletika) kumush, Muxlisa Abdumalikova va Sarvar Shomurodov (ikkalasi ham kurash sport turidan) bronza medallari bilan taqdirlandi.

Bular kechagi kunning gaplari edi, xoʻsh, bugunchi?

Sportchilarimizning bugungi kundagi natijalari kechagisidan ham koʻproqni tashkil etdi. Biz uchun tong sahardan baydarka va kanoeda eshkak eshish boʻyicha sportchilarimizning ketma-ket sovrinlarni qoʻlga kiritish borasidagi xushxabarlar yetib kelaverdi. Vadim Menkov 1000 metrga yakkalik bahslarining finalida ishtirok etib, marraga birinchi boʻlib yetib keldi va Osiyo oʻyinlarining oltin medaliga sazovor boʻldi. U tojikistonlik Shahriyor Daminovni 0,7 soniyaga ortda qoldirib, bosh sovrin sohibi boʻldi. Mazkur natija bilan Vadim oʻzining Osiyo oʻyinlaridagi toʻrtinchi oltinini qoʻlga kiritdi va bu boradagi Osiyo oʻyinlari rekordini oʻrnatdi. Bungacha u Doxa, Guanchjou va Incheondagi Osiyo oʻyinlarida ham peshqadam boʻlgandi.

Ayollar oʻrtasidagi 500 metrga juftlik bahslarida yurtdoshlarimiz marraga ikkinchi boʻlib yetib keldi. Xitoylik raqiblaridan 3,6 soniya ortda qolib, 2:06.160 natija qayd etgan Dilnoza Rahmatova va Nilufar Zokirova tandemi kumush medali bilan taqdirlanishdi. Erkaklar oʻrtasidagi 1000 metrga K-2 juftlik bahslarida esa Shahriyor Mahkamov va Shohruxbek Aʼzamov marraga uchinchi boʻlib yetib keldi va bronza medaliga sazovor boʻldi. Shuningdek, xuddi shu masofaga, S-K juftligida ishtirok etgan Nurislom Toʻxtasin oʻgʻli va Serik Mirbekov juftligi marraga uchinchi boʻlib yetib bordi va ular ham bronza medali bilan kifoyalandi.

A.Tropin, V.Ibragimov, J.Nurmatov, A.Mochalov ishtirokidagi 500 metr masofaga toʻrt kishilik ekipajda oʻtkazilgan bahslarda Oʻzbekiston terma jamoasi vakillari marraga beshinchi boʻlib yetib keldi.

Xuddi kechagi kun kabi bugun ham kurashchilarimiz oʻzlariga bildirilgan ishonchlarni oqladi. 90 kilo vaznlilar oʻrtasidagi bahslarning hal qiluvchi finali oʻzbekistonliklar derbisi ostida kechdi. Qiziqarli oʻtgan bellashuvda Shermuhammad Jandreyev Yahyo Imomovni magʻlubiyatga uchrata oldi. Shermuhammad finalgacha afgʻonistonlik Shirzad Azizini, quvaytlik Husayn Misri, Yahyo esa turkmanistonlik Guvanch Begaliyevni, qozogʻistonlik Yersultan Muzaffarovni yengib yetib kelishgandi. Va finalda ikki oʻzbekistonlik oʻzaro kuch sinashdi.

Ayollar oʻrtasida 78 kilo vazn toifasidagi sportchilar oʻrtasidagi final bahs ham yurtdoshlarimizning foydasiga xizmat qildi. Musobaqaning hal qiluvchi qismida hamyurtimiz Kumush Yoʻldosheva moʻgʻulistonlik Otgon Munxsetsegga qarshi gilamga koʻtarildi. Qiziqarli kechgan bahsda hamyurtimiz raqibasi ustidan halol bahosi bilan gʻalaba qozondi. Bungacha u Qozogʻiston vakilasi Kaljan Tayjanovani, xitoy taypeyilik Yang Xsiyentzu ustidan sof gʻalabaga erishgandi. Dilroza Bozorova esa qozogʻistonlik kurashchiga yutqazib qoʻydi.

Dzyudo boʻyicha kun avvalida vakillarimiz erkaklar oʻrtasida -73, -81 kilogramm, ayollar oʻrtasida -70 kilo vazn toifasida bahslarga kirishgan boʻlsa-da, yigitlarimiz meddalar uchun kurashda muddatidan avval imkoniyatni boy berib qoʻydi.

-73 kilogramm vaznlilar bahsida Gʻiyos Boboyev dastlab yamanlik raqibini magʻlub etdi va chorak finalga chiqdi. Biroq bu bosqichda BAA vakili Viktor Skvortovga imkoniyatni boy berib qoʻygan holda, bronza medali uchun kurashish imkoniyatini saqlab qolgandi. Ammo bronza medali uchun oʻtkazilgan oʻtish bosqichida ham Shimoliy koreyalik Chol Gvan Kim toʻsigʻidan oʻta olmadi.

Shuningdek, Sharofiddin Boltaboyevda ham shu vaziyat takrorlandi. Sharofiddin ilk jangida livanlik raqibdan ustun kelgandi, biroq chorak finalda yaponiyalik tajribali sportchi Takeshi Sasaki toʻsigʻidan oʻta olmadi. Bronza medali uchun oʻtkazilgan oʻtish bosqichida esa polvonimiz moʻgʻulistonlik Uganbaatar Otgonbaatarga ham imkoniyatni boy berib qoʻydi.

Har ikkala polvonimiz magʻlubiyatini Gulnoza Matniyozova muvaffaqiyatli yurishi bilan “yuvdi”. 70 kilogramlilar bahsida gilamga chiqqan Gulnoza ilk va chorak final janglarida zafar quchdi, faqat yarim finalda janubiy koreyalik raqibasiga yutqazib qoʻydi. Endi u bronza medali uchun kurashishi lozim edi. Hamyurtimiz buning uchun xitoylik Ya Juga qarshi tatamiga koʻtarildi. Qiziqarli oʻtgan bahsda hamyurtimiz raqibasini ippon bahosi evaziga magʻlub etdi.

Trampolin boʻyicha natijalarimiz boshida yomon boʻlmadi. Ushbu yoʻnalishning erkaklar bahsida ikki nafar hamyurtimiz - Samirbek Usmonov va Amiran Babayanlar final yoʻllanmasi uchun kurash olib bordi va buning uddasidan chiqdi. Final bahslarida esa Samirbek Usmonov 53,330 ball bilan yettinchi oʻrinni band etgan boʻlsa, Amiran Babayan 45,230 ball bilan eng soʻnggi oʻrindan joy oldi. Ushbu yoʻnalishda xitoyliklardan Dong Dong oltin, Lei Gao kumush, Qozogʻiston vakili Pirmammad Aliyev bronza medali bilan taqdirlandi.

Ayollar bahsida Farangiz Roʻziyeva 49,725 balli natija bilan beshinchi oʻrinni egalladi. Ushbu yoʻnalishda xitoylik Liu Lingling birinchi, yaponiyalik Xikaru Mori ikkinchi oʻrinni egallagan boʻlsa, yana bir Xitoy vakilasi Shouli Ju kuchli uchlikni yakunlab berdi.

Shu tariqa oʻzbekistonliklar bugunning oʻzida uchtadan oltin va bronza hamda ikkita kumush medalni qoʻlga kiritdi. Oʻzbekiston sport delegatsiyasi ayni paytda 15 ta oltin, va 19 tadan kumush va bronza, jami 53 ta medal jamlagan holda musobaqa jadvalining oltinchi pogʻonasini band etib turibdi.

Shuni alohida taʼkidlash joizki, oʻzbekistonliklar Osiyo oʻyinlari tarixida yangi rekordni oʻrnatdi. Bungacha Oʻzbekiston sport delegatsiyasining Osiyo oʻyinlaridagi eng yaxshi natijasi 2002 yilga toʻgʻri kelgan. Oʻsha yilgi bahslarda hamyurtlarimiz 15 ta oltin, 12 ta kumush va 24 ta bronza medallarini qoʻlga kiritgan. Jami medallar soni 51 tani tashkil etgandi. Indoneziyada esa shu kungacha jamlagan medallarimiz soni bu koʻrsatkichdan oʻtdi – 53 taga yetdi. Oldinda hali yana ikki kunlik oʻyinlar bor, muhimi, bokschilarimizdan hali umidimiz katta. Qolaversa, sambochilarimiz ham oʻzlarining nimalarga qodir ekanligini isbotlashi turgan gap.

Maʼlumot uchun. Musobaqa yakunlanishiga ikki kun qolgan bir paytda medallar jamgʻarish boʻyicha hamon xitoyliklar oldinda bormoqda. Ularning ixtiyorida 111 ta oltin, 75 ta

kumush va 53 ta bronza, jami 239 ta medal mavjud. 173 ta (59-49-55) medal bilan Yaponiya ikkinchi, 140 ta (39-46-55) medal bilan Janubiy Koreya delegatsiyasi uchinchi oʻrinlarda bormoqda. Bizdan yuqorida shuningdek, musobaqa mezbonlari Indoneziya (30+23+37 =90) va Eron (19+19+20=58) vakillari bormoqda.

Osiyo oʻyinlarida ishtirok etayotgan 46 davlatdan 17 tasida hali bironta ham oltin medal qoʻlga kiritilmagan, 13 tasida oltin u yoqda tursin, kumushning ham oʻzi yoʻq, 9 ta davlatga esa hali bironta ham medal nasib etmagan. Yon qoʻshnilarimizdan qozogʻistonliklar 11 tadan oltin va kumush (38 ta bronza) medal bilan umumiy hisobda ham oʻn birinchi oʻrinda bormoqda. Qirgʻiziston 19 ta (2-6-11) medal bilan 22-oʻrinda, Tojikiston uchta kumush medal bilan 30-oʻrinda, Turkmaniston bitta kumush va ikkita bronza bilan 32-oʻrinda bormoqda.

Oybek Yunusov, OʻzA
2 420