O‘zA O`zbek

01.09.2018 13:41 Chop etish versiyasi

OSIYO OʻYINLARI. 18-oltin medal yoxud Oʻzbekiston – Moʻgʻuliston – 1:1

OSIYO OʻYINLARI. 18-oltin medal yoxud Oʻzbekiston – Moʻgʻuliston – 1:1
Hozirgina XVIII yozgi Osiyo oʻyinlarining boks musobaqalarida yana ikki vazn toifasi boʻyicha gʻolib va sovrindorlar aniqlandi. 60 kilogacha vazn toifasidagi hal qiluvchi jang terma jamoamiz aʼzosi Shunqor Abdurasulov va moʻgʻulistonlik Chendbatar Erdenebat oʻrtasida kechdi. Dastavval hamyurtimiz raqibiga munosib baho bermadi shekilli 1-raundda ustunlik moʻgʻul bokschisi tarafida boʻldi.

Tanaffusda murabbiylaridan tegishli koʻrsatmalarni olgan Abdurasulov 2-raundda tashabbusni oʻz qoʻliga oldi hamda vaziyatni tenglashtirdi. Hal qiluvchi 3-raundda har ikki bokschi ochiq jang oʻtkazishdi. Ammo bir vaziyatda Abdurasulov raqibining kuchli zarbasini oʻtkazib yubordi va aynan shu omil gʻolibni aniqlashda muhim rol oʻynadi. 3-2 hisobidagi gʻalaba moʻgʻul bokschisiga oltin medalni taqdim etdi.

Oʻzbekiston – Moʻgʻuliston bokschilari qarama-qarshiligi navbatdagi 64 kilogacha vazn toifasida ham davom etdi. Iqboljon Xoldorov oʻzining eski tanishi Chinzorik Batarsuxga qarshi ringga koʻtarildi. Ushbu ikki bokschi Toshkentda kechgan Osiyo chempionati finalida ham toʻqnash kelishgan va oʻshanda Iqboljonning qoʻli baland kelgandi. Bu safar anchagina tajribasini oshirgan hamyurtimiz yana gʻalaba nashidasini surdi va Oʻzbekiston sport delegatsiyasiga navbatdagi oltin medalni taqdim etdi.

OʻzA

OʻzA
3 292