Osiyo chempionatining ikkinchi kunida ham polvonlarimiz 12 medalga ega chiqdi
Musobaqaning ikkinchi kunida ham polvonlar yana sakkiz vazn toifasida gʻoliblik uchun gilamga tushdi.
Avval xabar berganimizdek, 19-20-iyun kunlari Tailandning Pattayya shahrida kurash boʻyicha yoshlar oʻrtasida Osiyo chempionati oʻtkazildi.
Musobaqaning ikkinchi kunida ham polvonlar yana sakkiz vazn toifasida gʻoliblik uchun gilamga tushdi.
Osiyo chempionati vakillarimiz uchun omadli keldi. Musobaqaning ikkinchi kungi bahslarida Shuhrat Arslonov boshchiligidagi terma jamoamiz aʼzolari 12 medalni qoʻlga kiritdi. Shundan teng yarmini oltin medallar tashkil qildi.
Yosh polvonlarimizdan Hasan Botirov (-55 kg), Sanjar Saidqulov (-60 kg), Sardorbek Jangeldiyev (-66 kg) hamda Jaloliddin Boynazarov (-73 kg), qizlar oʻrtasida esa Malikaxon Qahharova (-70 kg) va mutlaq vaznda Rinata Ilmatovalar shohsupaning eng yuqori pogʻonasiga koʻtarilgan boʻlsa, Ilhom Farmonov (-55 kg), Mengdona Choriyeva (-63 kg), Sadoqat Toʻrayeva (-70 kg) hamda Shohista Anorovalar (-78 kg) kumush medal bilan taqdirlandi.
Yana ikki nafar kurashchimiz Pahlavon Mansurov (-73 kg) hamda Shahnozaxon Bozorova (-63 kg) bronza medaliga sazovor boʻldi.
Faqat ikkita vaznda oltin medallar oʻzga yurt sportchilariga nasib etdi. Vyetnamlik Nguyen Ti Ngos (-63 kg) hamda Xitoy Taypeyi terma jamoasi aʼzosi Yang Li-May (-78 kg) yoshlar oʻrtasida Osiyo chempionligini qoʻlga kiritdi.


