O‘zA O`zbek

15.02.2019 Chop etish versiyasi

Osiyo chempionatiga saralash oʻyinlari taqvimi maʼlum boʻldi

Osiyo chempionatiga saralash oʻyinlari taqvimi maʼlum boʻldi

Avval xabar berganimizdek, Oʻzbekiston Olimpiya terma jamoasi aʼzolari ayni paytda mavsum oldi oʻquv-mashgʻulotlar yigʻinini Ispaniyaning San-Pedro-del-Pinatar shahrida davom ettirishmoqda.

Lyubinko Drulovich boshchiligidagi terma jamoamiz aʼzolari San-Pedro-del-Pinatar shahridagi yigʻin davomida uchta nazorat uchrashuvida maydonga tushishi rejalashtirilgan.

Jumladan, futbolchilarimiz ertaga Avstriyaning “VSG Vattens” klubi bilan oʻzaro kuch sinashadi. 19 fevralda olimpiyachilarimiz “Real Mursiya” jamoasiga qarshi maydonga tushishsa, 21 fevralda “Lokomotiv Tbilisi” jamoasi bilan oʻrtoqlik uchrashuvida bahs yuritadi.

Futbolchilarimiz oldiga kelgusi yil Tokioda boʻlib oʻtadigan Olimpiada oʻyinlariga yoʻllanma olish vazifasi qoʻyilgan. Biroq Tokioga borish uchun eng avval Osiyo chempionati chigʻirigʻidan oʻtish lozim. Qitʼa chempionati esa kelasi yili Tailandda oʻtkaziladi.

Tailandga yoʻllanma beruvchi saralash oʻyinlari esa shu yilning mart oyida Toshkentda oʻtishidan ham xabaringiz bor. Mazkur musobaqada hamyurtlarimiz “Gʻ” guruhida Pokiston, Hindiston va Tojikiston terma jamoalari bilan kuch sinashishi va muvaffaqiyat qozonishi talab etiladi. Oʻyinlar 22-26 mart kunlari “Lokomotiv” va “Paxtakor” stadionlarida tashkil etilishi belgilab qoʻyilgan.

Mazkur oʻyinlarning taqvimi ham maʼlum boʻldi. Demak, Toshkentda oʻtadigan saralash oʻyinlari taqvimi quyidagicha:

22 mart

Oʻzbekiston – Pokiston (“Paxtakor” stadioni)

Tojikiston – Hindiston (“Lokomotiv” stadioni)

24 mart

Pokiston – Tojikiston (“Lokomotiv” stadioni)

Hindiston – Oʻzbekiston (“Paxtakor” stadioni)

26 mart

Oʻzbekiston – Tojikiston (“Paxtakor” stadioni)

Hindiston – Pokiston (“Lokomotiv” stadioni)

1 847
Oybek Yunusov, OʻzA