Olimpiyachilarimiz taqdirlandi
O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasida 2014-2015-yillarda qator sport turlari bo‘yicha jahon chempionatlarida g‘olib va sovrindor bo‘lgan hamda 2016-yilgi XXXI yozgi Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanmalarni qo‘lga kiritgan bir guruh sportchilar va ularning murabbiylarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasida 2014-2015-yillarda qator sport turlari bo‘yicha jahon chempionatlarida g‘olib va sovrindor bo‘lgan hamda 2016-yilgi XXXI yozgi Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanmalarni qo‘lga kiritgan bir guruh sportchilar va ularning murabbiylarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.Tadbirda O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi raisi M.Usmonov, madaniyat va sport ishlari vazirining birinchi o‘rinbosari M.Aliyev va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida sportni rivojlantirishga qaratilayotgan yuksak e’tibor yosh avlodning har tomonlama sog‘lom va barkamol insonlar bo‘lib voyaga yetishini ta’minlash, Vatanimizning xalqaro maydondagi obro‘-e’tiborini yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etayotganini ta’kidladi.
Prezidentimizning 2013-yil 25-fevraldagi “O‘zbekiston sportchilarini 2016-yilda Rio-de-Janeyro shahrida (Braziliya) bo‘lib o‘tadigan XXXI yozgi Olimpiya va XV Paralimpiya o‘yinlariga tayyorlash to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida aniq chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqilib, izchil ishlar amalga oshirilmoqda.
Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanmalarni qo‘lga kiritish va ushbu musobaqalarda sovrinli o‘rinlarni egallash imkoniyati yuqori bo‘lgan istiqbolli sport turlari aniqlanib, ular bo‘yicha federatsiyalarning faoliyati atroflicha o‘rganib chiqildi. Olimpiya o‘yinlari dasturidan o‘rin olgan sport turlari bo‘yicha federatsiya va assotsiatsiyalarga homiylar biriktirildi.
Davlatimiz rahbarining qarori ijrosi doirasida 2013-yil 2-aprelda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi huzuridagi O‘zbekiston olimpiadachilarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Jamg‘arma mablag‘lari respublika sport federatsiyalarining moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlashga yo‘naltirilmoqda. Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlari dasturiga kiritilgan sport turlari bo‘yicha O‘zbekiston sportchi va murabbiylariga stipendiya to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlanib, sportchi va murabbiylar munosib rag‘batlantirilmoqda.
Poytaxtimizda O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasining yangi binosi foydalanishga topshirildi, O‘zbekiston sportchilarini tibbiy-biologik xizmat va sport psixologiyasi bilan ta’minlash bo‘yicha ixtisoslashtirilgan markaz tashkil etildi. Sportchilarimiz mamlakatimiz va xorijda tashkil etilgan o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarida ishtirok etib, tajriba va mahoratini oshirib bormoqda. Murabbiylarning bilim va malakasini oshirish maqsadida xalqaro o‘quv va ilmiy-amaliy seminarlar tashkil qilinmoqda.
Bu kabi ezgu ishlar natijasida sportchilarimiz jahon va qit’a miqyosidagi musobaqalarda ulkan g‘alabalarni qo‘lga kiritmoqda. Jumladan, 2014-2015-yillarda Olimpiya o‘yinlari dasturiga kiritilgan qator sport turlari bo‘yicha jahon chempionatlarida jami 18 sportchimiz g‘olib va sovrindorlar qatoridan joy oldi.
Joriy yil sportchilarimiz uchun yanada mas’uliyatli bo‘ldi. Sportchilarimiz sovrinli o‘rinlar bilan birga XXXI yozgi Olimpiya o‘yinlarining yo‘llanmalari uchun ham kuch sinashdi.
26 sportchimiz Olimpiada yo‘llanmalarini qo‘lga kiritdi, 24 nafari Paralimpiya o‘yinlari yo‘llanmasiga ega bo‘ldi.
Rio-de-Janeyro Olimpiadasiga yengil atletikachilarimiz yettita, boks, baydarka va kanoeda eshkak eshish, og‘ir atletika bo‘yicha beshtadan, taekvondo (WTF), suzish, erkin va yunon-rum kurashi ustalarida bittadan yo‘llanma bor. 2016-yilgi sport mavsumida ham yo‘llanmalar beruvchi qator chempionatlar va nufuzli turnirlar kutilmoqda.
Tadbirda jahon chempionatlarida sovrinli o‘rinlarni egallagan sportchilar, ularning murabbiylari rag‘batlantirildi.
Marosimda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari B.Hodiyev so‘zga chiqdi.