O‘zA O`zbek

25.03.2020 Chop etish versiyasi

Olimpiya oʻyinlari mashʼalasi Yaponiyada qoladi

Olimpiya oʻyinlari mashʼalasi Yaponiyada qoladi

Shu yil yozda Tokioda oʻtkazilishi rejalashtirilgan Olimpiada oʻyinlari 2021-yilga koʻchirilgani haqida avval xabar berilgan edi. Oʻyinlar sanasining koʻchirilishiga koronavirus pandemiyasi sabab boʻldi. Oʻyinlarning koʻchirilishi Xalqaro olimpiya qoʻmitasi va Tokio oʻyinlari tashkiliy qoʻmitasining qoʻshma bayonotida maʼlum qilindi.

Bayonotda taʼkidlanishicha, Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlari sanasining koʻchirilishi borasida Yaponiya bosh vaziri Sindzo Abe va XOQ prezidenti Tomas Bax oʻrtasida kelishuvga erishildi. Unga koʻra Olimpiya oʻyinlari kelasi yili Tokioda boʻlib oʻtadi. Bunda “Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlari – Tokio 2020” degan nom saqlab qolinadi.

Yaponiyaga olib borilgan Olimpiya olovi epidemiya qamrab olgan dunyo uchun “umid mayogʻi” sifatida Yaponiyada qoladi, deyiladi bayonotda.
Mazkur qoʻshma bayonotdan avvalroq Olimpiadaning koʻchirilishi yuzasidan Sindzo Abe bayonot bergan, Reuters agentligi uning soʻzlaridan iqtibos keltirgan edi.

Bundan avvalroq Yaponiya hukumati va XOQ Olimpiada oʻz vaqtida – 24-iyuldan 9-avgustga qadar boʻlib oʻtishini maʼlum qilgan edi. Biroq bir qator davlatlar sport qoʻmitalari XOQga murojaat qilib koronavirus pandemiyasi sababli oʻyinlar keyinga qoldirilishiga chaqiriq bilan chiqqan edi.

Eslatib oʻtamiz, avvalroq kasallik tufayli futbol boʻyicha Yevropa chempionati kechiktirilgan, xokkey boʻyicha jahon chempionati bekor qilingan edi.

5 771
OʻzA