O‘zA O`zbek

16.06.2020 Chop etish versiyasi

Olimpiada oʻyinlari yana boshqa muddatga qoldirilmoqda

Olimpiada oʻyinlari yana boshqa muddatga qoldirilmoqda
Tokio yozgi olimpiada oʻyinlari tashkiliy qoʻmitasi direktori Xaruyuki Takaxasining maʼlum qilishicha, olimpiada oʻyinlari yana boshqa muddatga qoldirilishi mumkin. Nikkan Sports News gazetasi shu haqda xabar berdi.

Yozgi olimpiada oʻyinlari bu yil yozda Tokioda boʻlib oʻtishi kerak edi, biroq koronavirus infeksiyasi tarqalishi munosabati bilan oʻyinlar bir yilga kechiktirildi.

Agar kelasi yil bahorda Olimpiada oʻyinlarini iyul-avgust oylarida oʻtkazish muammo boʻlishi maʼlum boʻlsa, «biz Xalqaro olimpia qoʻmitasi bilan birga uni yana keyinroq muddatga choʻzish ustida ishlashimizga toʻgʻri keladi», deya taʼkidladi u.

Ushbu bayonotni olimpiada oʻyinlarini oʻtkazishga masʼul boʻlgan mansabdor shaxsdan eshitish ilk bor kuzatilmoqda, deyiladi xabarda.

Soʻnggi paytlarda Yaponiya siyosatida olimpiadani oʻtkazish mavzusi tez-tez muhokama etilmoqda. Masalan, bosh vazir Abe va Tokio gubernatori Yuriko Koike oʻyinlarni ortiqcha dabdabalarsiz, “soddalashtirilgan” koʻrinishda oʻtkazish taklifini ilgari surgandi. Ammo boshqa koʻplab mutaxassislar koronavirusga vaksina yaratmasdan turib, ushbu xalqaro sport anjumanini oʻtkazish maqsadga muvofiq emasligini taʼkidlashmoqda.

Nashrning yozishicha, oʻyinlarni yana boshqa vaqtga koʻchirish qator muammolarni keltirib chiqaradi. Eng avvalo, oʻyinlar 2022-yilga koʻchiraladigan boʻlsa, shu yili Pekinda qishki va Senegalda yoshlar olimpiada oʻyinlari boʻlishi moʻljallangan, qolaversa, Parijda boʻlib oʻtadigan navbatdagi yozgi olimpiadaga ham atigi ikki yil qolgan boʻladi.

11 269
OʻzA