O‘zA O`zbek

21.03.2020 Chop etish versiyasi

Olimpiada mashʼalasi Gretsiyadan Yaponiyaga yetib keldi

Olimpiada mashʼalasi Gretsiyadan Yaponiyaga yetib keldi

Gretsiyada (qadimgi Yunoniston) bu yil Tokio shahri mezbonlik qiladigan yozgi Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlarining mashʼalasini topshirish marosimi boʻlib oʻtdi. Tantanali marosimga 1896-yil zamonaviy Olimpiya oʻyinlarini qabul qilgan Afinadagi “Panatinaikos” stadioni mezbonlik qildi. Koronavirus pandemiyasi sabab mazkur tadbir ham muxlislarsiz oʻtkazildi.

Mashʼala gretsiyalik Rio Olimpiadasi chempionlari Yekaterini Stefanidi (langarchoʻpga tayanib sakrash) va Elefterios Petrunis (sport gimnastikasi) tomonidan alanga oldirildi.

Bundan tashqari marosimda 2 nafar maʼbuda koʻrinishidagi vakil ishtirok etdi. Ular qisqa estafetadan soʻng mashʼalani Gretsiya MOQ rahbari va XOQ aʼzosi Spiros Kapralosga topshirdi. Keyin esa janob Kapralos mashʼalani tantanali ravishda Tokio-2020 tashkiliy qoʻmitasi vakili Naoko Imotoga uzatdi.

“Inson salomatligiga xavf solishi mumkin boʻlgan holat sabab birinchi bor estafetada uzilish qildik. Biroq bu hol bilan Olimpiada mashʼalasi oʻz mavqeyini yoʻqotmaydi. Afsuski, mashʼala avval rejalashtirilganidek oʻtmaydigan boʻldi. Gretsiya Milliy olimpiya qoʻmitasi Yaponiyaga mashʼalani birdamlik va doʻstlik rishtalari bilan uzatmoqda. Niyat qilib qolamanki, Olimpiada mashʼalasining estafetasi mamlakatingiz uchun quvonch va umid olib kirsin. Barchaga omad”, – dedi Spiros Kapralos.

Yana bir ahamiyatli jihati ushbu tadbir uchun jurnalistlar akkreditatsiyadan oʻtkazilmadi. Natijada unda birorta OAV xodimlari ishtirok etolmadi.

Dastavval mazkur tadbir 55 nafar aktyor ijrosida sahnalashtirilgan shoular bilan oʻtishi, shuningdek, unda Gretsiyaning yangi Prezidenti Katerina Sakellaropulu ham qatnashishi rejalashtirilgan edi.

Biroz avval mashʼala Tokio shahriga yetib bordi. 24-iyulga qadar davom etadigan estafetani yapon zaminida dzyudo boʻyicha uch karra Olimpiada chempioni Tadaxiro Nomura hamda ayollar kurashi boʻyicha uch karra Olimpiada chempioni Saori Yoshida boshlab berdilar. Yana bir ahamiyatli tomoni ular samolyot trapidan tushish vaqtida “Tokio Olimpiya marshi” simfonik musiqasi yangrab turdi. Aynan ushbu musiqiy asar 1964-yilgi Tokio Olimpiadasi uchun yaratilgan edi.

4 518
OʻzA