Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

06.02.2017 12:16 Chop etish versiyasi

O‘zbekistonlik tennischilar Devis kubogining navbatdagi bosqichiga chiqdi

Tennis bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi “Devis kubogi”ning Osiyo-Okeaniya mintaqasi birinchi guruhi dastlabki bosqich bahsida Janubiy Koreya terma jamoasini 3:1 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi.

O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘yinlarida dastlabki kungi bahsdan so‘ng umumiy hisob 1:1 bo‘lib turgan edi. Ikkinchi kuni esa terma jamoa a’zolari juftlik bahslarida o‘zaro kuch sinashdi. Unda Denis Istomin va Sanjar Fayziyev Xyong Chung va Yong Kiyu Limga qarshi kortga chiqdi. Murosasiz kechgan bellashuvda tennischilarimiz besh set yakuniga ko‘ra g‘alabaga erishdi.

Uchrashuvning so‘nggi bahsi mamlakatimizning birinchi raqamli tennischisi Denis Istomin va mezbon tennischisi Sun Vu Kvon o‘rtasida o‘tdi. Bahsning dastlabki daqiqalaridan hujumkor o‘yin namoyish etgan Janubiy koreyalik tennischi birinchi setda 6:3 hisobida g‘alabaga erishgan bo‘lsa, joriy mavsumni muvaffaqiyatli o‘tkazayotgan Denis Istomin keyingi setlarni 7:6, 6:2, 7:6 hisobida o‘z foydasiga hal qildi va terma jamoamizning 3:1 hisobidagi g‘alabasini ta’minladi.

"Devis kubogining" Osiyo-Okeaniya mintaqasi birinchi guruhining ikkinchi bosqichida O‘zbekiston terma jamoasi 7-9-aprel kunlari safarda Hindiston terma jamoasi bilan raqobatlashadi.

Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA
1 547






Все о погоде - Pogoda.uz