O‘zA O`zbek

10.09.2019 Chop etish versiyasi

O‘zbekistonda sport tibbiyoti talabga javob beradimi?

O‘zbekistonda sport tibbiyoti talabga javob beradimi?


Sport

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev raisligida 4 sentabr kuni jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, xalqaro musobaqalarga tayyorgarlikni kuchaytirish masalalariga bag‘ishlab o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida sohadagi kamchiliklar, amalga oshirilishi zarur vazifalar bo‘yicha topshiriqlar berilgan edi.

O‘zA muxbiri Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazi direktori, tibbiyot fanlari doktori, professor Abdushukur SODIQOV bilan mazkur vazifalarning ijrosi va sport tibbiyoti sohasida amalga oshirilayotgan yangiliklar haqida suhbatlashdi.

– Sport farmakologiyasini rivojlantirish, yakka va jamoaviy sport turlari bilan shug‘ullanuvchilarga tibbiy, psixologik yordam ko‘rsatish bo‘yicha qanday ishlar amalga oshirilmoqda?

– Sportchilarimizni Olimpiya sport turlari bo‘yicha tayyorlash samaradorligini oshirish hamda Prezidentimizning 2017 yil 9 martdagi "O‘zbekiston sportchilarini 2020 yil Tokio shahri (Yaponiya)da bo‘lib o‘tadigan XXXII yozgi Olimpiya va XVI Paralimpiya o‘yinlariga tayyorlash to‘g‘risida"gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida sport federatsiyalariga tajribali dietolog, psixolog va qo‘shimcha sport shifokorlari jalb etildi.

Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazi mutaxassislari Farmasevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi bilan hamkorlikda mamlakatimizda ro‘yxatdan o‘tgan 8 farmakologik guruhga (vitaminlar, energetiklar, plastik vositalar, antigipoksantlar, antioksidantlar, adaptogenlar, immunotroplar va nootroplar) kiruvchi 936 dori vositasi ro‘yxati shakllantirildi. Ularning 20 dan ortig‘i mamlakatimizda ishlab chiqariladi. Shuningdek, O‘zbekiston milliy antidoping agentligi bilan hamkorlikda WADAning taqiqlangan moddalar ro‘yxati tahlil qilinib, 260 nomdagi dori vositasi ro‘yxati shakllantirildi va sport federatsiyalariga tarqatildi.

Rossiya olimpiya qo‘mitasi huzuridagi Innovatsion markaz mutaxassislari bilan hamkorlikda esa sportchilarimizning ish qobiliyati va individual jismoniy yuklamani bajarish salohiyati yuzasidan funksional tekshiruvlar o‘tkazildi. Bu, o‘z navbatida, sportchining haftalik, oylik o‘quv-mashg‘ulot rejasini ishlab chiqishda qo‘l keladi. Shuningdek, rossiyalik hamkasblar ishtirokida sport federatsiyalari shifokorlari, murabbiy va sportchilar uchun davra suhbatlari, mahorat darslari o‘tkazildi.

Psixologlar federatsiyalarda mavjud muammolarni o‘rganib chiqdi. Ular sportchilarni mashqlantirish jarayonida hamda musobaqalar davomida tananing aqliy faoliyatini va sportchining xatti-harakatlarini tartibga soluvchi tizimlarni rivojlantirish, takomillashtirish va optimallashtirishga qaratilgan tadbirlarni amalga oshirdi. Natijada har bir sport turi uchun mo‘ljallangan individual psixologik xarakterga ega dasturlar ishlab chiqildi.

Mazkur dasturlarda sportchilarning psixologik xususiyatini o‘rganish, murabbiylarning bu boradagi qobiliyatini oshirish, sportchini yoki jamoani ma’nan qo‘llab-quvvatlash, mashg‘ulotlar jarayonidagi qiyinchiliklarni yengib o‘tishga yordam beradigan psixologik munosabatni rivojlantirish, stressni yengillashtiruvchi vositalarni ishlab chiqish kabi tadbirlarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan.

Bu, o‘z navbatida, musobaqalarda ishtirok etishda, zaxiradan katta sportga o‘tishda yuzaga keladigan jiddiy psixologik muammolarni bartaraf etishga yordam beradi.

Mamlakatimizda mavjud federatsiyalarga psixologik xizmat ko‘rsatish, sportchilar va murabbiylarning psixologik saviyasini oshirish maqsadida Respublika sport tibbiyoti ilmiy amaliy markazida, Rossiya olimpiya qo‘mitasi qoshidagi Innovatsion markazi sport psixologi Marina Ogursova tomonidan mahorat darslari olib borildi.

– Sport dietologiyasi, farmasevtikasi kabi ixtisoslashgan sohalarni rivojlantirish borasida qanday ishlar bajarilmoqda?

– Sport dietologiyasi bo‘yicha "Sport turlari bo‘yicha ratsional ovqatlanishni to‘g‘ri tashkil etish" nomli qo‘llanma nashr etildi. Shuningdek, joriy yilning 4 aprel kuni “Sportchi ratsionini to‘g‘ri tashkil qilish muammolari” mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi. Unda barcha sport federatsiyalaridagi murabbiylar va sport shifokorlari ishtirok etdi va zamonaviy usullar haqida batafsil ma’lumotga ega bo‘ldi.

Sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazi, O‘simlik moddalari kimyosi instituti va Toshkent farmasevtika instituti hamkorligida "Sumbula", "Mandragora" hamda "Tribulus" o‘simliklaridan sport uchun dori vositalarini yaratish bo‘yicha ilmiy grant shakllantirilmoqda.

– Sportchilar uchun kerakli bo‘lgan dori vositalarini yaratish va bu yo‘nalishdagi muammolar va ularning yechimlari haqida nima deysiz?

– Mahalliy dori ishlab chiqaruvchi korxonalar bilan hamkorlikda sportchilar uchun dori vositalarining infuzion eritma shakli yaratilib, ularda klinik sinovlar o‘tkazilmoqda. Bu boradagi ishlarni zamonaviy talablar asosida takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.

– Sir emas, ko‘pchilik sportchilarimiz doping bo‘lmagan qanday moddalardan foydalanish mumkinligini bilmaydi. Shu ma’noda ularga mutaxassislar tomonidan qanday yordam ko‘rsatiladi. Umuman bu borada muhim vazifalar nimalardan iborat?

– Sportchilarning bilim darajasini oshirish, doping nimaligi va WADA ro‘yxatiga kirgan vositalardan foydalanmaslik borasida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika antidoping agentligi bilan hamkorlikda “Sportda dopingga qarshi kurash va sportda taqiqlangan dori vositalari” mavzuida sportchi va murabbiylar uchun trening mashg‘ulotlarini tizimli tashkil etish borasida ishlar boshlangan.

– Milliy olimpiya qo‘mitasi qoshidagi Respublika sport tibbiyoti ilmiy markazi faoliyati va mutaxassislar malakasi zamonaviy sport tibbiyoti talablariga javob bera oladimi?

– Bizda zamonaviy sport tibbiyoti talablariga javob bera oladigan mutaxassislar kam. Bu muammoni hal etish choralari ko‘rilmoqda. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Milliy olimpiya qo‘mitasi sport shifokorlariga bo‘lgan ehtiyojni o‘rganib, Sog‘liqni saqlash vazirligiga taklif kiritildi. O‘z navbatida, Sog‘liqni saqlash vazirligi sport tibbiyoti yo‘nalishi bo‘yicha klinik ordinaturaga qo‘shimcha 6 o‘rin ajratdi.

Shuningdek, sportchilar uchun kerakli dori vositalarini yaratishda duch kelayotgan muammolar ham mavjud. Bu muammoga yechim topish yo‘lida izlanishlar davom etmoqda. Albatta, buning uchun yetarlicha mablag‘ va yuqori ilmiy darajaga ega mutaxassislar kerak bo‘ladi.


1 735
Javohir TOShXO‘JAEV suhbatlashdi. O‘zA