O‘zA O`zbek

21.10.2019 Chop etish versiyasi

O‘zbekiston sportchilari xalqaro harbiy o‘yinlarda

O‘zbekiston sportchilari xalqaro harbiy o‘yinlarda

Xitoyning Uxan shahrida VII Xalqaro harbiy o‘yinlari start oldi. Unda dunyoning 136 mamlakati jamoasi orasida O‘zbekiston harbiylari ham g‘oliblik uchun kurash olib bormoqda.

Xalqaro tanlovda ishtirok etish uchun Milliy gvardiya qoshidagi Respublika ot sporti bo‘yicha oliy sport maktabi sportchilari ham O‘zbekiston delegatsiyasi tarkibida Uxanda bo‘lib turibdilar.

Xalqaro harbiy o‘yinlari – Xalqaro harbiy sport kengashi tomonidan tashkillashtirilgan yirik musobaqadir. Ushbu musobaqalar harbiy xizmatchilar uchun Olimpiya o‘yinlarining muqobili hisoblanadi. U ham har to‘rt yilda bir marta Olimpiya o‘yinlaridan roppa-rosa bir yil oldin o‘tkaziladi.

O‘zbekiston sportchilari uchun bunday nufuzli xalqaro musobaqada ishtirok etish juda muhim va mas’uliyatli voqeadir. Chunki bu yerda sportchilarimizdan tashkil topgan delegatsiya O‘zbekiston ot sporti tarixida ilk marotaba qatnashmoqda. Bu, shubhasiz, milliy sport yutuqlarining keng ma’nodagi natijasidir.

O‘tgan davr mobaynida jamoani shakllantirish va tayyorlash bo‘yicha ko‘p ishlar amalga oshirildi. O‘zbekistonlik ishtirokchilar Gollandiya, Portugaliya, Qatar, Rossiya, Suriya, Tailand, Urugvay, Xitoy, Germaniya, Argentina, Bahrayn, Braziliya, Chili, Ekvador, Ispaniya, Fransiya, Italiya, Kuvayt, Luksemburg, Nepal va boshqa mamlakatlarning 20 ta jamoasi bilan bellashadilar.

Ta’kidlash joizki, bunday tanlovlar, vakillarimizga chet ellik hamkasblar bilan harbiy va professional tajriba almashish hamda o‘z mahoratlarini amalda namoyish etish imkoniyatini beradi. O‘yinlar doirasida 329 ta turli xil tadbir, shu jumladan, musobaqalar hamda tantanali marosimlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Musobaqalar sportning 27 ta turi bo‘yicha o‘tkaziladi. Mazkur o‘yinlar tinchlik davrida butun dunyo bo‘ylab armiyalarning kuchini namoyish etadi. Xalqaro harbiy o‘yinlari o‘zaro do‘stlikni mustahkamlash va xalqaro hamkorlikni kengaytirish uchun muhim maydon bo‘lib xizmat qiladi.

O‘zbekiston Respublikasi
Milliy gvardiyasi matbuot xizmati.

2 116
O‘zA