O‘zA O`zbek

26.08.2018 15:41 Chop etish versiyasi

Oʻzbekiston Milliy terma jamoasi 20-noyabr kuni Janubiy Koreyaga qarshi oʻrtoqlik oʻyinini oʻtkazadi

Oʻzbekiston Milliy terma jamoasi 20-noyabr kuni Janubiy Koreyaga qarshi oʻrtoqlik oʻyinini oʻtkazadi

Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi milliy terma jamoa uchun kuchli termalar bilan oʻrtoqlik oʻyinlari tashkil qilish borasida muzokaralarni davom ettirmoqda. Bu haqida OʻFA matbuot xizmati xabar bermoqda.

Sentyabr va oktyabr oylaridagi FIFA kunlaridan maksimal tarzda foydalanib, 4 ta terma jamoa bilan Toshkentda oʻrtoqlik oʻyini oʻtkazish borasida kelishuvga erishilgani haqida avval xabar berib oʻtgandik, deyiladi xabarda.

Jumladan, Ektor Kuper boshchiligidagi terma jamoamiz 6-sentabr kuni Suriya, 11-sentabr kuni Eron, 13-oktabr kuni Shimoliy Koreya va 16-oktabr kuni Qatar terma jamoalariga qarshi Toshkentda oʻrtoqlik oʻyinlari oʻtkazadi.

Noyabr oyidagi FIFA kunlaridan ham unumli foydalanish maqsadida, Osiyoning kuchli terma jamoalari bilan muzokaralar olib borildi. Natijada, 20-noyabr kuni Janubiy Koreya milliy terma jamoasi bilan oʻrtoqlik oʻyini oʻtkazish boʻyicha kelishuvga erishildi. Uchrashuv Avstraliya mamlakatida boʻlib oʻtadi.

Noyabr oyida ob-havo sovuq kelishini inobatga olib, koʻplab terma jamoalar Osiyo Kubogiga Avstraliyada tayyorgarlik koʻrishga qaror qilgan. Oʻzbekiston milliy terma jamoasi ham aynan shunday tayyorgarlik doirasida Janubiy Koreya bilan oʻrtoqlik oʻyini oʻtkazadi.

Eslatib oʻtamiz, Osiyo Kubogi kelasi yilning yanvar oyida Birlashgan Arab Amirliklarida boʻlib oʻtadi. Oʻzbekiston “F” guruhida Yaponiya, Ummon va Turkmaniston terma jamoalariga qarshi bahs olib boradi.

ЎзА
3 583