O‘zA O`zbek

01.08.2020 Chop etish versiyasi

Oʻzbekiston klublari 2021 va 2022-yillarda Osiyo Chempionlar ligasida 1+1 kvotasiga amal qiladi

Oʻzbekiston klublari 2021 va 2022-yillarda Osiyo Chempionlar ligasida 1+1 kvotasiga amal qiladi

Shuningdek, yana bir klubimiz uchun sakkiz yillik tanaffusdan soʻng OFK Kubogida toʻp surish imkoniyati tugʻildi.

OFK 2021 va 2022-yilgi Osiyo chempionlar ligasi va OFK Kubogi uchun kvotalarni rasman eʼlon qildi. Unga koʻra oldindan kutilganidek Oʻzbekiston keyingi ikki yil uchun OCHLda 1+1 koʻrinishida kvotaga ega boʻladi.

Bu degani Oʻzbekiston chempioni toʻgʻridan-toʻgʻri OCHLning guruh bosqichida qatnashsa, yana bir klubimiz musobaqani pley-off bosqichidan boshlaydi.

OCHLga berilgan kvotalar tartibi:

GʻARB MINTAQASI

Qatar va Saudiya Arabistoni - 3+1
Eron va BAA - 2+2
Iroq - 1+2
Oʻzbekiston - 1+1
Iordaniya, Hindiston, Tojikiston va Turkmaniston - 1+0
Livan va Suriya - 0+1

SHARQ MINTAQASI

Xitoy va Yaponiya - 3+1
Janubiy Koreya va Tailand - 2+2
Avstraliya - 1+2
Filippin - 1+1
KXDR, Vetnam, Malayziya va Singapur - 1+0
Gonkong va Myanma - 0+1

Demak, Coca-Cola Superliga chempioni OCHL guruh bosqichida, Coca-Cola Kubogi gʻolibi esa OCHL pley-offda ishtirok etadigan boʻlsa Superliga vitse-chempioni OFK Kubogi guruh bosqichida faoliyat yuritadi.

Shu yerda vaziyatga oydinlik kiritamiz. Agar Coca-Cola Kubogi gʻolibi OCHL guruh bosqichiga yoʻl olgan taqdirdagina OFK Kubogida Superligamizda ikkinchi oʻrinni olgan jamoaning ishtirok etishiga izn beriladi. Mabodo, Oʻzbekiston Kubogi sohibi OCHL saralash oʻyinlaridan nariga oʻtolmasa u holda uning oʻzi OFK Kubogi guruh bosqichida oʻynaydi, Coca-Cola Superliga vitse-chempioni esa xalqaro maydonsiz qoladi.

8 yillik tanaffusdan soʻng OFK Kubogida toʻp surish imkoniyati tugʻilgani klublarimizning baxti. Sababi, OCHLdan keyingi mavqeda turuvchi OFK Kubogi gʻolibi 1,5 million dollar ishlab oladi. Xabaringiz bor, OFK Kubogida hamyurtlarimizning dastlabki va soʻnggi muvaffaqiyati toʻqqiz yil avval “Nasaf” misolida kuzatilgandi.

Yana bir aniqlik, mabodo Oʻzbekiston chempioni va Kubogini bitta klub qoʻlga kiritsa vitse-chempion OCHL pley-offida ishtirok etadi va Superligada 3-oʻrinni egallagan klub OFK kubogi guruh bosqichida qatnashadi.

OFK Kubogiga berilgan kvotalar tartibi:

MARKAZIY OSIYO

Oʻzbekiston - 1+0
Tojikiston, Turkmaniston va Qirgʻiziston - 1+1
Afgʻoniston - 0+1

GʻARBIY OSIYO

Iordaniya, Livan va Suriya - 2+0
Bahrayn, Ummon va Falastin - 1+1
Kuvayt va Yaman - 0+1

JANUBI-SHARQIY OSIYO

Vetnam, Malayziya, Singapur - 2+0
Myanma, Indoneziya, Kambodja - 1+1
Filippin - 1+0
Laos, Bruney va Sharqiy Timor - 0+1

JANUBIY OSIYO

Hindiston, Bangladesh, Maldiv orollari - 1+1
Nepal, Shri-Lanka, Butan, Pokiston - 0+1

SHARQIY OSIYO

KXDR, Gonkong, Makao - 1+1
Xitoy Taypeyi, Moʻgʻuliston va Guam - 0+1.


8 048
Oybek YUNUSOV, OʻzA