O‘zA O`zbek

15.02.2019 Chop etish versiyasi

Oʻzbekiston chim ustida xokkey terma jamoasi noxush anʼanalarga chek qoʻyadi

Oʻzbekiston chim ustida xokkey terma jamoasi noxush anʼanalarga chek qoʻyadi

Bu soʻzlar bugun mazkur sport federatsiyasining oʻz rejalari bilan tanishtirish va eng yaxshilarini taqdirlashga bagʻishlab oʻtkazilgan tadbirida koʻpchilik tomonidan bir necha bor tilga olindi.

Bugun poytaxtimizdagi “Olimpiya shon-shuhrati” muzeyida Oʻzbekiston chim ustida xokkey federatsiyasi tomonidan tadbir uyushtirildi. Unda Milliy olimpiya qoʻmitasi vakillari, Oʻzbekiston chim ustida xokkey federatsiyasi mutasaddilari, federatsiyaning viloyat boʻlimi vakillari, sportchilar, hakamlar, murabbiylar hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Konferensiya maqomida tashkil etilgan yigʻilishda federatsiya raisi Bahodir Ahmedov tashkilotning 2018 yilda amalga oshirgan ishlari va 2019 yilga moʻljallangan rejalari haqida maʼlumot berdi.

Rejaga koʻra, yaqin vaqtlarda poytaxtimizda terma jamoaning mukammal faoliyat yuritishi uchun yangi baza qurilib, foydalanishga topshiriladi. Shuningdek, Surxondaryo va Sirdaryo viloyatlarida ham sportning bu turi boʻyicha doimiy shugʻullanish, chempionlar yetishtirishga xizmat qiluvchi sport inshootlari bunyod etiladi.

Aslida bunday ishlarga allaqachon poydevor qurilgan. Buning “mahsuli” sifatida shu oy oxirida Buxoroda ana shunday sport bazasining ish boshlashi rejalashtirilgan.

Tokio-2020 Olimpiadasiga kam vaqt qolmoqda. Asosiy maqsadimiz, toʻrt yillikning muhim sport anjumanida ishtirok etish, imkon qadar salmoqli muvaffaqiyatlarga erishish. Mazkur vazifani uddalay olishimiz uchun asoslarimiz yetarli. Milliy olimpiya qoʻmitasi sportchilar uchun barcha zarur shart-sharoitlarni yaratib bermoqda, oʻquv-mashgʻulot yigʻinlari tashkil etilmoqda, – dedi Bahodir Ahmedov.
Milliy olimpiya qoʻmitasi prezidenti maslahatchisi Nazirjon Xudoyqulov sportchilarimizni Tokio-2020 Olimpiadasiga tayyorlash boʻyicha ishlab chiqilgan strategiyaning mohiyati haqida batafsil gapirib berdi. Soʻzga chiqqanlar mutasaddilar tomonidan sportning bu turiga ham katta eʼtibor qaratilayotganligini taʼkidlash bilan birga Olimpiada oʻyinlarida jamoaviy turlar boʻyicha mamlakatimiz vakillari shu paytgacha sovrinli oʻrinlarni qoʻlga kirita olmaganligini, bu noxush anʼana nasib qilsa chim ustida xokkeychilarimiz tomonidan barham topishi haqida soʻz yuritishdi.

Bu balandparvoz soʻzlar emas, chim ustida xokkeychilarimiz oʻzlarining nimalarga qodir ekanliklarini bir emas, bir necha bor isbotlashgan. Uzoqqa bormaylik, yaqinda Hindistonning Dehli shahrida Chim ustida xokkey xalqaro federatsiyasining 46-Kongressi boʻlib oʻtgan, unda ishtirok etgan federatsiyamiz raisi Bahodir Ahmedov va bosh kotibi Bobur Qurbonov Xalqaro xokkey federatsiyasi prezidenti, hindistonlik Narinder Dxruv Bartra hamda Osiyo xokkey federatsiyasi ijrochi direktori, makaolik Tayyab Ikramning eʼtirofiga sazovor boʻlgandi. Buning natijasi oʻlaroq mamlakatimizda chim ustida xokkey sport turini yanada rivojlantirish maqsadida Oʻzbekiston chim ustida xokkey federatsiyasiga 400 ming AQSH dollarlik xalqaro talablarga javob beruvchi maxsus maydonni qurish, sportning bu turiga oid sport anjomlarini ajratish, poytaxtimizda kelasi yili chim ustida xokkey boʻyicha Xalqaro turnir tashkil etish kabi masalalar ijobiy aks topgandi. Mazkur turnirda Xalqaro xokkey federatsiyasining prezidenti Narinder Dxruv Bartraning oʻzi ishtirok etish istagini bildirgandi.

Kongressdan koʻp oʻtmay Pokistonning Laxor shahrida tashkil etilgan erkaklar jamoalari oʻrtasida chim ustida xokkey boʻyicha Tokio-2020 yozgi Olimpiya oʻyinlarida ishtirok etish uchun kerakli reyting ballarni beruvchi hududiy xalqaro turnirda (Hockey Series Open) Rinat Mamatkazin ustozligidagi terma jamoamiz Qozogʻiston, Afgʻoniston va Nepal davlatlari terma jamoalarini yirik hisoblarda magʻlub etib, shu yilning yozida Hindistonda boʻlib oʻtadigan final bosqichiga yoʻllanmani koʻlga kiritishganligini taʼkidlash joiz...

Yigʻilish soʻngida chim ustida xokkey boʻyicha 2018 yilda oʻzini koʻrsata olgan sportchilar, murabbiylar, hakamlar va viloyat boʻlimlari xodimlari taqdirlanishdi.

1 972
OʻzA