O‘zbekiston Milliy axborot agentligi

10.09.2018 23:48 Chop etish versiyasi

Oʻyin oldidan matbuot anjumani oʻtkazildi

11 sentyabr kuni poytaxtimizdagi “Milliy” stadionida Oʻzbekiston va Eron terma jamoalari oʻrtasida oʻrtoqlik uchrashuvi boʻlib oʻtadi.

Mazkur oʻyin oldidan matbuot anjumani tashkil etildi. Anjumanda terma jamoamiz bosh murabbiyi Ektor Kuper va Eron terma jamoasi bosh murabbiyi Karlush Keyrush ishtirok etdi.

Anjumanda har ikkala terma jamoa murabbiylari boʻlajak oʻyin oldidan jamoadagi oʻzgarishlar, mazkur uchrashuvga koʻrilgan tayyorgarlik haqida toʻxtalib oʻtdi.

– Biz ertaga yaxshi shakllangan tajribali futbolchilardan tashkil topgan jamoaga qarshi toʻp suramiz, – deydi Eron terma jamoasi bosh murabbiyi Karlush Keyrush. – Bu oʻyin bizga boʻlajak rasmiy musobaqalar oldidan katta tajriba boʻladi, deb oʻylayman. Oʻzbekiston terma jamoasiga Ektor Kuper kelgani juda yaxshi ish boʻldi. Ishonamanki, u kuchli jamoa shakllantirib, yuksak marralarni zabt etadi. Ertangi oʻyinda yosh futbolchilarimizga ham imkoniyat beramiz.

– Eronga qarshi oʻyin men va jamoamiz uchun katta sinov boʻladi, – deydi Ektor Kuper. – Ertaga yangi futbolchilar ham maydonga tushadi. Eron terma jamoasi juda ham jiddiy jamoa. Karlush Keyrush termani yaxshi shakllantirgan. Men ertaga futbolchilardan jamoaviy oʻyinni talab qilaman.Shuningdek, biz himoyaga yana bir bor eʼtibor qaratamiz. Himoya xato qilmasa har qanday jamoani yengish mumkin. Legionerlarimiz jamoaga yaqinda kelib qoʻshildi va ularni hali toʻliq oʻrgana olmadim. Umid qilamanki, ertangi oʻyin Suriyaga qarshi uchrashuvdagidan koʻra yaxshiroq boʻladi.

Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston va Eron terma jamoalari uchrashuvi 11 sentyabr kunimahalliy vaqt bilan soat 20:00da boshlanadi.

Javohir Toshxoʻjayev, OʻzA