Vobkent tumanida sport maktabi stadioni qayta ta’mirlandi
Buxoro viloyati Vobkent tumani bolalar va o‘smirlar sport maktabining qayta ta’mirdan chiqarilgan stadioni foydalanishga topshirildi.
Buxoro viloyati Vobkent tumani bolalar va o‘smirlar sport maktabining qayta ta’mirdan chiqarilgan stadioni foydalanishga topshirildi.Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda mamlakatimizda yoshlar o‘rtasida sportni yanada ommalashtirish, uning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, yosh avlodni jismonan sog‘lom va ma’nan barkamol etib tarbiyalash borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuksak samaralar berayotgani ta’kidlandi.
Zamonaviy o‘rindiqlar, tungi yoritgichlar o‘rnatilib, atrofidagi yugurish yo‘laklari yangilangan va besh ming tomoshabinga mo‘ljallangan stadionning qurilish-ta’mirlash ishlariga 1 milliard 200 million so‘mdan ortiq mablag‘ sarflandi.
– Tumanda sport, ayniqsa, futbolga qiziquvchi yoshlar yildan-yilga ko‘paymoqda, – deydi Vobkent tumani bolalar va o‘smirlar sport maktabi murabbiysi M.Tursunov. – Birgina sport maktabimizda 300 nafar yoshana shu sport turi bilan shug‘ullanmoqda. Ular orasida turli yoshdagi viloyat terma jamoalari tarkibiga kirgan iqtidorli futbolchilar bor. Mukammal ta’mirlangan stadionda yaratilgan qulayliklar yangi iste’dodlarni kashf etish va mahoratini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Mustaqillik bayrami arafasida Olot tumanidagi 7-, Buxoro tumanidagi 8-, Buxoro shahridagi 37-umumta’lim maktablarida ham yangi sport zallari foydalanishga topshirildi. Ularning har biri umumiy qiymati 30 million so‘mlik 18 turdagi sport jihozlari bilan ta’minlandi.
O‘zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi Buxoro viloyati filiali ma’lumotlariga ko‘ra, ishga tushirilgan to‘rtta obyektning qurilishi, ta’mirlanib jihozlanishi uchun jamg‘arma tomonidan 3 milliard 852 million so‘m mablag‘ sarflangan. Joriy yilda yana bir inshoot – Romitan tumanida suzish havzasi qurilishi rejalashtirilgan.