O‘zA O`zbek

02.09.2018 14:46 Chop etish versiyasi

Oʻgʻlim bilan faxrlanaman

Oʻgʻlim bilan faxrlanaman

Indoneziyaning Jakarta va Palembang shaharlarida boʻlib oʻtgan XVIII Osiyo oʻyinlarida mamlakatimiz bokschilari Osiyo qitʼasida tengsiz ekanligini yana bir bor isbotladi. 

246112873_356884.jpg

Yetti vazn toifasida oʻtkazilgan musobaqalarning barchasida bokschilarimiz birinchi va ikkinchi oʻrinlarni egallab, beshta oltin, ikkita kumush medalga sazovor boʻldi.

Andijon viloyati Paxtaobod tumani Soy mahallasida tugʻilib oʻsgan Jasurbek Latipov 52 kilogramm vaznda jang olib bordi. Finalda u filippinlik raqibi Rogen Ladonga hech qanday imkon qoldirmadi. U oʻz gʻalabasi bilan terma jamoamiz hisobiga navbatdagi oltin medalni olib berdi.

Koʻp karra Oʻzbekiston chempioni, Osiyo va jahon chempionatlari sovorindori Jasurbek Latipov Osiyo oʻyinlari musobaqalaridagi yorqin oʻyinlari bilan dunyoga oʻzbek sportchilari hech kimdan kam emasligini, nimalarga qodir ekanligini koʻrsatdi.

– Jasurbekning yutugʻi bejiz emas, – deydi Paxtaobod tumani “Soy” mahalla fuqarolar yigʻini raisi Ubaydullo Rahmonov. – Chunki yurtimizning chekka qishloqlarida ham sportga, ayniqsa, bolalar sportini rivojlantirish, iqtidorli yoshlarning oʻz salohiyatini yuzaga chiqarishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bu yoshlarimizning yuksak marralarni egallashiga zamin yaratmoqda.

Darhaqiqat, Jasurbek 5-sinfda oʻqiyotgan vaqtda oʻzi tugʻilib oʻsgan Soy mahallasidagi boks toʻgaragiga qatnay boshlagan. Birinchi ustozi Abdulhafiz Egamov rahbarligidagi mashgʻulotlarda mahoratini, tajribasini oshirib bordi. Intilish, tinimsiz mashqlar samarasi oʻlaroq, u tuman, viloyat musobaqalarida koʻp bor gʻolib chiqdi.

Jasurbek Paxtaobod tumanidagi 41-umumtaʼlim maktabini tamomlagach, Andijon olimpiya zaxiralari kollejiga oʻqishga qabul qilindi. Bu yerda tajribali ustoz-murabbiylar koʻmagida mashgʻulotlarda astoydil qatnashdi, boksning texnikasi, nozik jihatlarini puxta oʻrgandi. Koʻp oʻtmasdan u yoshlar oʻrtasida Oʻzbekiston chempionligini qoʻlga kiritdi.

Kollejni tamomlagandan soʻng, Jasurbek Latipov Andijon davlat universitetida tahsil oldi. Ana shu davrda u Andijon boks maktabining mohir tarbiyalanuvchilaridan biri sifatida bir necha bor Oʻzbekiston, Osiyo, jahon chempionatlari va boshqa koʻplab xalqaro turnirlarda gʻolib boʻldi.

Jasurbek doimiy ravishda mahoratini oshirib bordi, mehnatsevarligi, tirishqoqligi, oʻziga boʻlgan ishonchning kuchliligi tufayli yuksak choʻqqilarni zabt etib, oddiy bir qishloq yigiti nimalarga qodir ekanligini amalda koʻrsatdi.

Ha, Jasurbek oddiy qishloq oilasida tugʻilib oʻsgan oddiy oʻzbek bolasi. Dadasi Muhammadjon akaning umri qisqa ekan. Oʻn sakkiz yil avval olamdan oʻtdi. Onasi Matlubaxon aya qizi Umidaxon va oʻgʻli Jasurbekni yolgʻiz oʻzi katta qildi. Oʻgʻlining mashhur sportchi boʻlib yetishishi uchun zarur barcha sharoitlarni yaratib berdi.

Bugun ushbu oilada voyaga yetgan Jasurbek bilan nafaqat yaqinlari, andijonliklar, butun Oʻzbekiston ahli haqli ravishda faxrlanadi. Chunki, u dunyodagi eng nufuzli sport oʻyinlaridan biri boʻlgan boksda yurtimiz bayrogʻini, Oʻzbekiston shuhratini yuksaklarga koʻtardi.

– Yakkayu yolgʻiz oʻgʻlimning yurtimiz shuhratini koʻklarga koʻtarganidan boshim koʻkka yetdi, – deydi Jasurbekning onasi, mehnat faxriysi Matlubaxon aya Latipova. – Ona uchun farzand kamolidan ortiq baxt boʻlmasa kerak. Oʻgʻlim yurt koriga yaraydigan inson boʻlib kamol topganligidan faxrlanaman.

Koʻplab musobaqalarga ketishdan avval, oila davrasida “Men albatta, yutib kelaman”, der edi va soʻzini ustidan chiqardi. Davlatimiz rahbarining oʻgʻlim kabi sportchilarni doimiy ravishda qoʻllab-quvvatlayotganligidan, ularga keng imkoniyatlar eshigi ochib berilayotganligidan quvonmay boʻladimi? Yaratib berilgan sharoitlar, ragʻbat tufayli ham oʻgʻlim, qolaversa, u kabi juda koʻp yoshlar yuksak natijalarga erishmoqda. Buning uchun Prezidentimizdan minnatdorman.

F.Ubaydullayev, OʻzA
2 993