O‘zA O`zbek

15.02.2019 Chop etish versiyasi

OʻFA Ignatiy Nesterov borasida rasmiy bayonot bilan chiqdi

OʻFA Ignatiy Nesterov borasida rasmiy bayonot bilan chiqdi

Ommaviy axborot vositalarida Oʻzbekiston milliy tera jamoasi darvozaboni Ignatiy Nesterovdan Osiyo Kubogi davomida olingan tahlillarda taʼqiqlangan modda topilgani haqida xabarlar tarqaldi.

Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi bu masala boʻyicha rasmiy bayonot bilan chiqdi:

“Haqiqatan ham, Osiyo futbol konfederatsiyasi tomonidan Oʻzbekiston milliy terma jamoasi darvozaboni Ignatiy Nesterovdan Osiyo Kubogi doirasida olingan tahlillar natijasida uning qonida taʼqiqlangan modda aniqlangani haqida rasmiy xat Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi va Nesterov ayni paytda toʻp surayotgan Saudiya Arabistonining “Uhud” klubiga rasmiy xat yuborilgan. Ammo mazkur xatda bu masala boʻyicha hozirda OFK Tartib-intizom qoʻmitasi ish olib borayotgani, hali yakuniy qaror qabul qilinmagani, ungacha esa bu maʼlumotni oshkor qilmay turish soʻralgan. Tabiiyki, yakuniy qaror qabul qilingunga qadar Ignatiy Nesterov hech qaysi jamoa tarkibida maydonga tusha olmasligi ham xatda maʼlum qilingan.

Shunga qaramay, “Uhud“ klubi oʻzining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida bu maʼlumotni ommaga oshkor qilib, Nesterov doping qabul qilgani tufayli OFK tomonidan chetlatilgani haqida xabar tarqatdi. Bu esa professional klub maqomiga toʻgʻri kelmaydigan holatdir.

Terma jamoa shifokorlari Ignatiy Nesterov bilan bu masalada suhbatlashganda, Nesterov Osiyo Kubogi davomida terma jamoa shifokorlarining ruxsatisiz va ularni ogohlantirmay vazn tashlashga yordam beruvchi dori qabul qilgani maʼlum boʻldi. OʻFA Ignatiy Nesterovning bu xatti-harakatini qoralaydi, shu bilan birga futbolchining ataylab taqiqlangan moddalarni qabul qilish maqsadi boʻlmaganini, bu dori tarkibidagi baʼzi moddalar taʼqiqlanganini bilmaganini maʼlum qiladi. 

Vazn tashlash boks, kurash kabi sport turlarida sportchiga natijaga erishish uchun yordam berishi mumkin, ammo futbolda bu holatning natijaga erishishga umuman taʼsiri yoʻq. OFK mana shu jihatlarni ham oʻrganib chiqib, Tartib-intizom qoʻmitasi yigʻilishidan soʻng yakuniy qarorni qabul qiladi. Ungacha esa barcha ommaviy axborot vositalaridan Ignatiy Nesterov boʻyicha xabar yozayotganda mana shu jihatlarga eʼtibor qaratish soʻraladi”, deyiladi OʻFA bayonotida.

1 632
OʻzA