Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

17.02.2017 15:47 Chop etish versiyasi

Nodirbek va Nilufar O‘zbekiston chempionligini qo‘lga kiritdi

Nodirbek va Nilufar O‘zbekiston chempionligini qo‘lga kiritdi Poytaxtimizda shaxmat bo‘yicha 14-18 yoshgacha o‘g‘il-qizlar o‘rtasida o‘tkazilgan mamlakat chempionatida Nodirbek Yoqubboyev va Nilufar Yoqubboyeva o‘z yosh toifasida g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.

Mamlakatimizda ta’lim tizimini tubdan isloh qilish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar jarayonida yoshlar o‘rtasida jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish, ularni o‘zi qiziqqan sport turlariga keng jalb etishga qaratilayotgan yuksak e’tibor va g‘amxo‘rlik o‘z samaralarini berayotir.

Birgina shaxmatni olaylik. Kishidan yuksak intellektual salohiyat talab qiladigan mazkur sport turi bo‘yicha mamlakatimizda ilk jahon chempionligiga 2004-yili Rustam Qosimjonov erishgan edi. Bugun maktab o‘quvchilari o‘rtasidagi jahon chempionatlari, kattalar, yoshlar va o‘smirlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatlari, xalqaro turnirlarda g‘olib va sovrindor bo‘layotgan iqtidorli shaxmatchilarimiz safi kengayib bormoqda. Ayniqsa, Nafisa Mo‘minova va uning singillari Hulkar va Gulruhbegim Tohirjonovalar, Nodirbek Abdusattorov va Bahora Abdusattorova, Islombek va Javohir Sindorov singari bir oiladan bir nechta iqtidorli shaxmatchilarning yetishib chiqayotgani quvonarlidir.

Xorazmlik Nilufar Yoqubboyeva va Nodirbek Yoqubboyev ham ana shunday chempion yoshlardan. Nilufar ham Nodirbek ham qator xalqaro musobaqalarda, qit’a va jahon chempionatlarida Vatanimiz sharafini munosib himoya qilib kelmoqda.

Poytaxtimizda o‘tgan mamlakat chempionati ham shaxmatchilar uchun joriy yilgi sport mavsumiga tayyorgarlik vazifasini o‘tadi.

Ikki yuzga yaqin shaxmatchi ishtirok etgan musobaqaning o‘n olti yoshgacha o‘g‘il bolalar o‘rtasidagi bahslari Nodirbek Yoqubboyev g‘alabasi bilan yakunlandi. U to‘qqiz partiyaning birontasida mag‘lubiyatga uchramadi. Shohruh Aliqulov, Sarvarbek Olimjonov, Ahmad Nurullayev, Saidakbar Saydaliyev, Abdumalik Abdusalimov, Shamsiddin Vohidov va Bobur Eshboyevni yenggan Nodirbek Daler Vohidov va Muzaffar Eminjonov bilan durang o‘ynadi hamda 8 ochko bilan O‘zbekiston chempioni bo‘ldi. Qolgan sovrinli o‘rinlar Saidakbar Saydaliyev va Daler Vohidovga nasib etdi.

Shu yoshdagi qizlar bahsida Sitora Saparova oltin, Holida Namozova kumush, Ra’no Abduholiqova bronza medal bilan taqdirlandi.

O‘n sakkiz yoshgacha qizlar musobaqasida mag‘lubiyatsiz o‘ynagan Nilufar Yoqubboyeva ham oltin medalni qo‘lga kiritdi. U to‘qqiz turning sakkiztasida Madina Joniqulova, Shahzoda Shermuhammedova, Yulduz Ramazonova, Hilola Abdukarimova, Nafisa Islomova, Mohim Orazmuhammedova, Ozoda Ro‘ziqulova, Muslima Olloqulovani yengib, bittasida Bahora Abdusattorova bilan durang o‘ynadi va 8,5 ochko bilan birinchi o‘rinni egalladi. B.Abdusattorova 8 ochko bilan ikkinchi, H.Abdukarimova 6 ochko bilan uchinchi bo‘ldi.

O‘g‘il bolalar o‘rtasida Ortiq Nig‘matov birinchi, Asilbek Sobirov ikkinchi, Georgiy Shvanov uchinchi o‘rinni egalladi.

O‘n to‘rt yoshgacha o‘g‘il-qizlar bahslarida Sardor Boltayev, Umar Isomov, Suhrobjon Avalboyev, Yuliya Xegay, Dilbar Hamroyeva, Dilrabo Ma’murova g‘olib va sovrindorlar qatoridan joy oldi.

Bayram Aytmurodov, Muhammad Amin (surat), O‘zA
514






Все о погоде - Pogoda.uz