O‘zA O`zbek

08.11.2018 21:47 Chop etish versiyasi

Nilufar Qudratova xalqaro turnirda oʻzining nimalarga qodir ekanligini isbotlay olarmikan?

Nilufar Qudratova xalqaro turnirda oʻzining nimalarga qodir ekanligini isbotlay olarmikan?

Shu oyning ikkinchi oʻn kunligida Toshkentda xalqaro turnir tashkil etiladi.

Gap ayollar futboli haqida ketmoqda. Markazi Toshkentda joylashgan Markaziy Osiyo futbol assotsiatsiya va uning oʻzbekistonlik mutasaddilari tashabbusi bilan tashkil etilayotgan xalqaro turnirda Assotsiatsiyaga aʼzo olti davlatdan beshtasi ishtirok etishga rozilik bergan.

Xabaringiz bor, joriy yilda mazkur assotsiatsiya tomonidan yurtimizda 15 va 16 yoshli futbolchilar oʻrtasida ikkita musobaqa oʻtkazilgan va buning evaziga tashkilotchilar Osiyo futbol Konfederatsiyasi tomonidan eʼtirof etilgandi. Endi esa navbat ayollar futboliga keldi.

Mamlakat milliy terma jamoalari qatnashadigan turnirda Qirgʻiziston, Tojikiston, Afgʻoniston, Eron va Oʻzbekiston ayollar milliy terma jamoalari oʻzaro kuch sinashadigan boʻlishdi.

Musobaqa 23-noyabrdan 1-dekabrga qadar davom etadi va barcha oʻyinlar poytaxtimizdagi “Milliy“ stadionda boʻlib oʻtadi.

“CAFA Womenʼs Championship 2018“ deb nomlangan turnirda yurtimiz sport sharafini Bahrom Norsafarov ustozligidagi terma jamoamiz himoya qiladi. Mazkur musobaqaga tayyorgarlik koʻrish milliy chempionat oʻyinlari yakunlangandan soʻng, 18 noyabrdan “Chigʻatoy“ sport bazasida boshlanadi.

Yuqoridagi suratda: Mutaxassislar ayollar futboli boʻyicha mamlakat chempionati toʻpurari, “Sevinch” jamoasi hujumchisi Nilufar Qudratova bor mahoratini ushbu turnirda ham namoyish etishiga umid qilishmoqda.

Oybek Yunusov, O'zA
3 297