O‘zA O`zbek

15.02.2019 Chop etish versiyasi

Nesterovsiz “Uhud” yana yutqazdi, hamyurtimizning qadri oshmoqda

Nesterovsiz “Uhud” yana yutqazdi, hamyurtimizning qadri oshmoqda

Saudiya Arabistonining “Uhud” jamoasi sharafini himoya qilayotgan Ignatiy Nesterov kecha boʻlib oʻtgan tur oʻyinida maydonga tushirilmadi, uning oʻrniga darvozani qoʻriqlagan jamoadoshi esa raqiblarning toʻrtta toʻpini oʻtkazib yubordi.

Osiyo chempionatlaridagi ishtiroki borasida rekordchiga aylangan Ignatiy Nesterov qitʼa chempionatidagi ishonchli xatti-harakatlari tufayli xorijiy skautlar eʼtiboriga tushgan va musobaqa nihoyasiga yetmasdanoq xorijga otlangan edi.

Hamyurtimiz Saudiya Arabistonining “Uhud” jamoasi tarkibiga borib qoʻshilishi hamonoq ichki chempionatning navbatdagi ikki oʻyinida maydonga tushdi va jamoadoshlarining uzoq kutilgan gʻalabalarini taʼminlashda bosh vazifani bajargan edi. Vaholanki, “Uhud” bungacha chempionat oʻyinlarini boʻsh oʻtkazayotgan, 16ta jamoa qatnashayotgan musobaqada 6 ochko bilan soʻnggi oʻrinda borayotgandi.

Nima boʻldiyu, Ignatiy kecha safarda boʻlib oʻtgan 20-tur doirasidagi “Al Taavon”ga qarshi oʻyin qaydnomasiga kiritilmadi. Ignatiy bilan ketma-ket ikkita oʻyinda zafar quchgan “Uhud” uchinchi oʻyinga kelib Ignatiysiz yirik hisobda magʻlubiyatga uchradi – uning oʻrnini egallagan darvozabon raqiblarning toʻrtta toʻpini oʻtkazib yubordi, bunga “Uhud” tomonidan bitta ham javob qaytarilmadi.

Bu bilan hamyurtimizning qadri yanada oshganligini ikkilanmay aytishimiz mumkin.

1 355
Oybek Yunusov, OʻzA