O‘zA O`zbek

16.09.2018 Chop etish versiyasi

Navbatdagi “asr janggi”ga tayyormisiz?

Navbatdagi “asr janggi”ga tayyormisiz?

2015-yilning 2-may oqshomida butun dunyo boks muxlislari “asr jangi” deb atalgan toʻqnashuv guvohi boʻlgan va ana shu oqshom sababchilari Menni Pakyao hamda Floyd Meyvezer edi.

Esingizda boʻlsa kerak, oʻsha jangda Pakyaoning qoʻli baland kelgan, biroq hakamlarning “begʻaraz” yordami evaziga Floyd 118 – 110, 116 – 112 ochkolar hisobida oʻzining 48 gʻalabasini qoʻlga kiritgan edi.

2015-yildagi “asr janggi”ning translyatsiyasidan Meyvezer 300 million dollar, Pakyao esa 150 million dollar miqdorida mablagʻ ishlab topgan. Jangning umumiy qiymati esa yarim milliard dollargacha borgan.

Endi asosiy maqsadga oʻtsak. Floyd boksdagi faoliyatini yakunlagan edi. Kecha amerikalik bokschi Tokiodagi klublardan birida Menni bilan uchrashgan va keyingi jang borasida ogʻzaki kelishuvga erishgan. Bu uning professional boksga qaytganligini anglatadi. Jangni qachon va qayerda ekanligi hozircha maʼlum emas.

Meyvezerning hisobida hozirgacha 50 jang bor. Bokschi ularning barchasida gʻalaba qozongan va bu mutlaq rekord koʻrsatgich sanaladi. Floydgacha boʻlgan rekord esa boshqa bir amerikalik afsonaviy bokschi Rokki Marchianoga tegishli. Marchiano professional faoliyati davomida 49 ta jangda qatnashib, ularning barchasida gʻalaba qozongan.

Filippinlik bokschining professional janglari 69 ta boʻlib, Menni ularning 60 tasida gʻalaba qozongan. 7 jangda magʻlub boʻlib, 2 jangni durang bilan tugatgan.

3 579
O'zA