O‘zA O`zbek

11.05.2019 23:12 Chop etish versiyasi

“Navbahor” yana “Paxtakor” maydonidan ochko bilan qaytdi

“Navbahor” yana “Paxtakor” maydonidan ochko bilan qaytdi

Bugun Oʻzbekiston superligasining 8-tur oʻyinlari doirasida yana ikkita uchrashuv oʻtkazildi. Turning markaziy bahsida chempionat peshqadami “Paxtakor” soʻnggi turlarda ancha ishonchli oʻyinlar namoyish etayotgan Namanganning “Navbahor” jamoasi bilan kuch sinashdi.

Ushbu jamoalar oʻrtasida oʻtgan yili boʻlib oʻtgan oʻyinda “lochinlar” poytaxtdan bir ochko bilan qaytishgan va bu natija ularga uzoq yillik tanaffusdan keyin bronza medalini qoʻlga kiritishida muhim omil boʻlgandi. Joriy mavsum Andrey Kanchelskis shogirdlari oldiga yanada jiddiy maqsadlar qoʻyilgan va bugungi oʻyin ularning niyati darhaqiqat jiddiy ekanini koʻrsatib berdi.

Bevosita oʻyinga kelsak, mehmonlar dastlabki daqiqalardan tap tortmay hujumga oʻtishdi va “Navbahor” 2-daqiqadayoq Quvvatov darvozasiga tahdid solib koʻrdi, Solovyov tomonidan yoʻllangan havfli zarbani darvozabon qaytardi. Ammo maydon egalari tezda vaziyatni oʻnglashdi va asta-sekin oʻyin nazoratini qoʻlga oldi. 20-daqiqaga kelib esa chap qanotdan Sayfiyev boshlagan hujumni Cheran samarali yakunladi. Uning bosh bilan bergan zarbasi darvoza toʻridan joy oldi. Bu Cheranning joriy mavsumdagi 7-goli edi va u toʻpurarlar bahsida peshqadamga aylandi.

DSC_1185-1848x1228.JPG

Goldan keyin ham “sherlar” oʻz nomiga mos tarzda raqib darvozasiga tahdid solib turdi. 25-daqiqada Masharipov-Cheran kombinatsiyasidan soʻng Dragan tomonidan berilgan zarbani Yusupov qiyinchilik bilan bartaraf etdi. Umuman, 1-taymda ustunlik maydon egalari tomonida boʻldi va ular tanaffusga minimal ustunlik bilan chiqib ketishdi.

Ikkinchi boʻlimni ham “Paxtakor” ishonchli boshladi va 52-daqiqada ular penalti tepish huquqiga ega boʻldi. Uchrashuv bosh hakami ushbu vaziyatda himoyachi Hamdamovni yiqitdi, deb topdi. Noʻqtaga yaqinlashgan Cheran 11 metrlik jarimani aniq bajardi va hisobni 2:0 boʻlishini taʼminladi. Dragan esa oʻz gollari sonini 8taga yetkazib oldi.

Koʻpchilik ushbu goldan keyin oʻyin taqdiri hal boʻldi, degan xayolga borgan boʻlsa ajab emas. Ammo “Navbahor” “kambek”lar faqat Yevropa futbolida qayd etilmasligi, bizda ham hoxish boʻlsa bunga erishish mumkinligini isbotladi. 59-daqiqada Gʻulomov chap qanotdan boshlagan hujumni “Paxtakor” akademiyasi tarbiyalanuvchisi boʻlgan Oʻrunov muvaffaqiyatli yakunladi – 2:1. Bu goldan ruhlangan mehmonlar hujumkorlikni oshirdi va 82-daqiqada hisobni tenglashtirdi. Bu safar Oʻrunov-Isroilov kombinatsiyasidan soʻng raqib darvozasi ishgʻol qilindi – 2:2. Bu hisob oʻyin oxirigacha oʻzgarmay qoldi va shu tariqa “Navbahor” Toshkentdan yana ochko bilan qaytdi.

DSC_1216-1848x1228.JPG

“Paxtakor” – “Navbahor” – 2:2

Gollar: Dragan Cheran (20, 53-pen.) – Oston Oʻrunov (59), Abdujamol Isroilov (82).

Bugun boʻlib oʻtgan ikkinchi oʻyinda “Dinamo” jamoasi oʻz maydonida AGMK klubi bilan toʻqnash kelib, 47-daqiqada Shohruh Abdurahmonov tomonidan kiritilgan yagona gol samarqandliklarga qimmatli uch ochkoni taqdim etdi. Ushbu gʻalabadan soʻng “Dinamo” oʻz ochkolari sonini 12taga yetkazgan holda turnir jadvalida 4-oʻringa koʻtarilib oldi.

“Dinamo” – AGMK – 1:0

Gol: Shohruh Abdurahmonov (47)

DSC_1229-1848x1228.JPG

DSC_1250-1848x1228.JPG

DSC_1263-1848x1228.JPG

O.ESHMAMATOV, Muhammad AMIN (surat), OʻzA
3 064