O‘zA O`zbek

09.08.2018 19:29 Chop etish versiyasi

Mudofaa vazirligining Sport klubi a’zolari XVIII yozgi Osiyo o‘yinlarida 11 ta sport turi bo‘yicha bahslashadi

Mudofaa vazirligining Sport klubi a’zolari XVIII yozgi Osiyo o‘yinlarida 11 ta sport turi bo‘yicha bahslashadi
Mudofaa vazirligida XVIII yozgi Osiyo o‘yinlarida ishtirok etish uchun yo‘l olayotgan 47 nafar sportchi va 3 nafar murabbiyni vazirlik rahbariyati tomonidan tantanali kuzatishga bag‘ishlangan marosim bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vaziri general-mayor Abdusalom Azizov ishtirok etdi.

2018 yilda O‘zbekiston o‘smirlar, yoshlar hamda milliy terma jamoalari tarkibida jahon chempionatlari, Osiyo birinchiliklari, dunyo va qit’a kubogi bahslari, Gran-pri turkumiga kiruvchi yirik xalqaro musobaqalar hamda an’anaviy xotira turnirlarida ishtirok etgan Sport klubi vakillari bugungi kunga qadar jami 612 ta medalga, ulardan respublika miqyosida 511 ta, xalqaro miqyosida 101 medalni qo‘lga kiritgan.

Oliy toifadagi sport maktabi hisoblangan Sport klubida 19 sport turi – boks, basketbol, kurash (erkin va yunon-rum), harbiy-amaliy sport turlari va harbiy-amaliy yakka kurashlar (armrestling, qo‘l, universal jang va pichoq bilan jang qilish sport turlari), suv polosi, baydarka va kanoeda eshkak eshish, dzyudo, milliy kurash, yengil va og‘ir atletika, taekvondo, tennis, miltiqdan va kamondan o‘q otish, trampolin, sambo hamda regbi kabi sport turlari bo‘yicha yoshlar shug‘ullanmoqda. 2016 yilda Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida bo‘lib o‘tgan XXXI yozgi Olimpiada o‘yinlarida ham Sport klub vakillari mamlakatimiz sharafini munosib ulug‘ladi.

Sport klubining mamlakatimiz terma jamoalariga yuqori toifali sportchilarni tayyorlab berishda ham alohida o‘rni bor. Uning sportchilari tarkibidan 6 nafari O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan sportchi, 46 nafari xalqaro toifadagi sport ustasidir.

XV yozgi Paralimpiya o‘yinlari Sport klubi sportchilari uchun ancha omadli keldi. Ushbu musobaqalarga yo‘llanma olgan uch nafar dzyudochimiz – 100 kilogrammdan og‘ir vazn toifasida kapitan Adiljon Tulendibayev oltin, 90 kilogramm vaznda shartnoma bo‘yicha harbiy xizmatchi, oddiy askar Shuhrat Boboyev hamda 73 kilogramm vaznda Feruz Sayidov bronza medallarini qo‘lga kiritdi.

2014 yilda Janubiy Koreyaning Incheon shahrida bo‘lib o‘tgan XVII yozgi Osiyo o‘yinlarida mamlakatimiz terma jamoasi tarkibiga kirgan Mudofaa vazirligi Sport klubining 44 nafar sportchisiga 10 ta sport turi bo‘yicha ishtirok etib, 3 ta oltin, 3 ta kumush va 12 ta bronza medali nasib etgan edi.

Shu yilning avgust-sentyabr oylarida Indoneziyaning Jakarta va Palembang shaharlarida o‘tkaziladigan XVIII yozgi Osiyo o‘yinlarida O‘zbekiston terma jamoasidan joy olgan 47 nafar Sport klubi a’zosi 11 sport turi bo‘yicha ishtirok etadi.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA
2 004