O‘zA O`zbek

13.03.2020 Chop etish versiyasi

Mirazizbek olimpiya oʻyinlarining oltin medalini koʻzlamoqda

Mirazizbek olimpiya oʻyinlarining oltin medalini koʻzlamoqda

Boks boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzosi Mirazizbek Mirzaxalilov 3-10-mart kunlari Iordaniyaning Amman shahrida boks boʻyicha Osiyo/Okeaniya mintaqalari uchun Tokio Olimpiadasiga yoʻllanma beruvchi turnirda gʻolib boʻlib, Olimpiya oʻyinlari yoʻllanmasini qoʻlga kiritdi.

Fargʻonaning Quva tumani Qayragʻoch qishlogʻida tugʻilib oʻsgan Mirazizbek bolaligidan sportga mehr qoʻydi. Bahodir Erkayev qoʻl ostida boksning barcha sir-asrorlarini oʻrgandi va tajribasini yana-da oshirdi. U ustozining barcha koʻrsatmalarini astoydil bajardi.

Mirazizbek 2016-yil Bekobod shahrida boʻlib oʻtgan Oʻzbekiston chempionatida kumush medal sohibi boʻlgan. Oʻsha yili Rossiyaning Xanti-Mansiysk shahridagi jahon kubogida bronza medali bilan taqdirlandi. 2017-2018-yillarda Qozogʻiston, Rossiya va Ukrainada oʻtgan xalqaro turnirlarda gʻolib boʻldi. Shuningdek, 2018-yili Jakarta shahri (Indoneziya)da boʻlib oʻtgan XVIII yozgi Osiyo oʻyinlarida oltin medalni qoʻlga kiritdi.

2019-yil ham M.Mirzaxalilov uchun yana-da muvaffaqiyatli oʻtdi. U dastlab Bolgariyaning Sofiya shahrida oʻtgan xalqaro turnirda gʻolib boʻldi. Tailandning Bangkok shahrida Osiyo chempioniga aylandi. Eng muhimi, Rossiyaning Yekaterinburg shahrida boʻlib oʻtgan jahon chempionatida barcha raqiblarini yengib, jahon chempioni, deya eʼtirof etildi.

Prezidentimizning 2019-yil 27-sentyabrdagi farmoniga muvofiq, Mirazizbek Mirzaxalilov “Oʻzbekiston iftixori” faxriy unvoni bilan taqdirlandi.

– Yaponiyada oʻtadigan Olimpiya oʻyinlarida mamlakatimiz sharafini himoya qilishdek baxtga muyassar boʻlganimdan xursandman, – deydi Mirazizbek. – Ustozim Bahodir Erkayev va boshqa murabbiylarim sabab, bir sportchi orzu qiladigan barcha musobaqalarda gʻolib boʻldim. Faqatgina Olimpiya oʻyinlarining oltin medali qoldi. Bu esa mening eng katta orzuim. Nasib etsa, Prezidentimiz, xalqimiz va murabbiylarim ishonchini oqlab, Olimpiya oʻyinlarida ham gʻalaba qozonaman. Bu uchun biz sportchilarda barcha imkoniyat bor.

Darhaqiqat, bugun mamlakatimizda nafaqat boks, balki sportning barcha turlari bilan shugʻullanish uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Natijada Mirazizbekdek sportchilar eng nufuzli musobaqalarda Oʻzbekiston bayrogʻini yana-da yuksaltirib, Vatan sharafini ulugʻlamoqda.

6 710
Javohir TOSHXOʻJAYEV, OʻzA