O‘zA O`zbek

31.10.2019 Chop etish versiyasi

Milliy gvardiyachilar sportda faol

Milliy gvardiyachilar sportda faol

O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi harbiy xizmatchilari, xodimlari va “Dinamo” JTSJ sportchilari nafaqat mamlakat miqyosidagi, balki xalqaro maydonlardagi musobaqalarda munosib ishtirok etib, g‘olib va sovrindorlar qatoridan joy olmoqda.

Bugungi kunda xalqaro maydonlarda Vatanimiz sharafini munosib himoya qilishni o‘zining asosiy maqsadi, deb bilgan va bu yo‘lda tinimsiz mehnat qilib, jismonan va ruhan toblangan harbiy sportchilarimizning nufuzli musobaqalardagi yutuqlari barchamizga faxr-iftixor bag‘ishlaydi.

Mamlakatimizda Milliy gvardiya tizimida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar tufayli jamiyat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha har tomonlama sog‘lom, chuqur bilimga ega yigitlar safi kengaymoqda. Bu jarayonda “Dinamo” JTSJ yuksak salohiyatli va iste’dodli harbiy sportchilarni tarbiyalaydigan hayot va jasorat maktabi vazifasini o‘tayapti.

Buning samarasida, harbiy sportchilarimiz dunyoning eng nufuzli musobaqalarida mamlakat sharafini yanada yuksaltirmoqda.

Rossiya Federatsiyasining Yekaterinburg shahrida 6-22 sentabr kunlari bo‘lib o‘tgan boks bo‘yicha jahon chempionatida 80 ga yaqin mamlakatdan kelgan 362 bokschi o‘rtasida o‘zbek o‘g‘lonlari 3 oltin, 1 kumush va 1 bronza medal jamg‘arib, umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egalladi.

Mazkur chempionatda Milliy gvardiya xizmatchisi Bahodir Jalolov oltin medal bilan taqdirlandi va chempionatning “Eng yaxshi bokschisi“ deb topildi, Bobo-Usmon Botirov esa bronza medalga sazovor bo‘ldi.

Shuningdek, 16-25 oktabr kunlari Shanxay shahrida (Xitoy) sportning ushu turi bo‘yicha o‘tgan jahon chempionatida dunyoning 100 ta mamlakatidan 600 dan ortiq sportchi ishtirok etdi. Unda O‘zbekiston terma jamoasi 3 bronza medalni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, shular qatorida Milliy gvardiya sportchisi Darya Latisheva qilich bilan taolu yo‘nalishi bo‘yicha bronza medalga sazovor bo‘ldi.

Har bir sportchi xalqaro maydondagi yutuqlarni qo‘lga kiritishida mamlakat miqyosidagi musobaqalarda orttirgan tajribasi katta ahamiyat kasb etadi. Shu sababli ham Milliy gvardiya tarkibidagi sportchilar O‘zbekiston chempionatida ham faol ishtirok etmoqda.

Jumladan, 23-29 oktabr kunlari poytaxtimizning O‘zbekiston taekvondo (WT) assotsiatsiyasiga qarashli “Universal” sport saroyida boks bo‘yicha 10 vazn toifasida kattalar o‘rtasida mamlakat birinchiligida harbiy sportchilar ham munosib ishtirok etdi. Unda Jahongir Rahmonov, Shuhrat Abdullaev o‘z vazn toifasida barcha raqiblarini mag‘lub etib, faxrli birinchi o‘rindan joy oldi.

Chempionatda iste’dodli Mirzohid Abdullaev kumush, Saidazimxon Mamadaminov esa bronza medal bilan taqdirlandi.

Shuningdek, kuni kecha Toshkent viloyati Chirchiq shahrining “Universal” sport saroyida o‘tkazilgan K-1 sport turi bo‘yicha xalqaro ochiq turnirda O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Toshkent shahar Qo‘riqlash boshqarmasi xodimi Jahongir Qodirov o‘z vazn toifasida tengsiz ekanini isbotladi.

O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi harbiy sportchilariga sport bilan muntazam shug‘ullanishi uchun barcha imkoniyatlar yaratib berilmoqda. Bunga javoban esa sportchilar Osiyo va jahon chempionatlari, Olimpiya o‘yinlarida doimo g‘olib va sovrindorlar qatoridan joy olib kelmoqda.

451
J.TOShXO‘JAEV, O‘zA