O‘zA O`zbek

03.12.2019 Chop etish versiyasi

Messi oltinchi “Oltin toʻp”ini qoʻlga kiritdi

Messi oltinchi “Oltin toʻp”ini qoʻlga kiritdi

Biroz avval Fransiya poytaxti Parij shahrida France Football nashri tomonidan anʼanaviy tarzda topshirib kelinayotgan “Oltin toʻp” sovrini oʻz egasini aniqlab oldi.

Oqshomning dastlabki mukofoti “Kopa Trophy” boʻlib, u “21 yoshgacha boʻlgan yilning eng yaxshi futbolchisi”ga topshirildi.

2019-yilda “Ayaks” bilan Niderlandiya chempioni, Niderlandiya Kubogi sohibiga aylangan, shuningdek, klubi bilan Chempionlar Ligasi yarimfinaliga yetib borgan, milliy terma jamoa bilan esa Millatlar Ligasi finaliga chiqqan Matteys de Ligtga mazkur sovringa ega chiqdi.

De Ligtga mukofotni qoʻlga kiritishda Jeydon Sancho (Angliya, “Borussiya” D) hamda Joau Felish (Portugaliya, “Atletiko” M) raqiblik qildi va yakunda “Yuventus” himoyachisi “21 yoshgacha boʻlgan yilning eng yaxshi futbolchisi” – “Kopa Trophy”ga munosib deb topildi.
Bu yil joriy etilgan Lev Yashin mukofotining birinchi sohibi esa “Liverpul” va Braziliya milliy terma jamoasi posboni Alisson Beker boʻldi.

Alisson 2019-yilda jamoasi bilan Chempionlar Ligasi gʻolibi boʻldi, “Seleção” bilan esa Amerika Kubogida zafar quchdi.

Mazkur sovringa daʼvogarlar orasida Mark-Andre ter Stegen (Germaniya, “Barselona”) va Andre Onana (Kamerun, “Ayaks”), Yan Oblak (Sloveniya, “Atletiko” M), Manuel Noyer (Germaniya, “Bavariya”), Ugo Lyoris (Fransiya, “Tottenhem”), Voysex Shesni (Polsha, “Yuventus”), Samir Handanovich (Sloveniya, “Inter”), Kepa Arrisabalaga (Ispaniya, “Chelsi”), Ederson (Braziliya, “Manchester Siti”) kabi darvozabonlar ham bor edi.

Yilning eng yaxshi ayol futbolchisiga topshiriladigan mukofot AQSH milliy terma jamoasi yarimhimoyachisi Megan Rapinoga nasib etdi.

“Olimpik Lion” ayollar klubi futbolchisi Megan Rapino France Football tomonidan oʻtkazilgan “Yilning eng yaxshi ayol futbolchisi” mukofoti qabul qilish marosimida ishtirok etgani yoʻq, biroq mukofot unga yetkazilishi maʼlum qilindi.

Rapino AQSH bilan 2019-yili Fransiyada oʻtkazilgan jahon chempionatida gʻolib boʻldi.
Unga sovrinni qoʻlga kiritishda Lyusi Bronz (Angliya) hamda Aleks Morgan (AQSH) raqiblik qilishdi.

64-bor tashkil etilgan kechaning asosiy sovrini “Barselona” hamda Argentina milliy terma jamoasi sardori Lionel Messiga topshirildi.
Hujumchiga 2019-yilgi “Oltin toʻp”ni qoʻlga kiritishda “Liverpul” himoyachisi Virjil van Deyk hamda “azaliy dushmani” “Yuventus” hujumchisi Krishtianu Ronaldu raqiblik qilishdi.

Yakuniy ovoz berish natijalariga koʻra Messi 2019-yilning “Eng yaxshi futbolchisi”, deya eʼtirof etildi.

“Oltin toʻp - 2019” soʻrovnomasi reytingi:

1. Lionel Messi (Argentina, “Barselona”)
2. Virjil van Deyk (Niderlandiya, “Liverpul”)
3. Krishtianu Ronaldu (Portugaliya, “Yuventus”)
4. Sadio Mane (Senegal, “Liverpul”)
5. Muhammad Saloh (Misr, “Liverpul”)
6. Kilian Mbappe (Fransiya, “PSJ”)
7. Alisson (Braziliya, “Liverpul”)
8. Robert Levandovski (Polsha,
“Bavariya”)
9. Bernardo Silva (Portugaliya, “Manchester Siti”)
10. Riyad Marez (Jazoir, “Manchester Siti”)

648
OʻzA