O‘zA O`zbek

10.05.2020 Chop etish versiyasi

Maradona lotereyada oʻynalgan futbolkada dastxat qoldirdi

Maradona lotereyada oʻynalgan futbolkada dastxat qoldirdi

Futbol boʻyicha jahon chempioni Diyego Armando Maradona oʻzi bir vaqtlar kiyib maydonga tushgan futbol kiyimiga dastxat qoʻyib berdi. Keyin shu futbolka mashhur yulduzning vatani – Argentina poytaxti Buenos-Ayresda oʻtkazilgan lotereyaga yutuq sifatida qoʻyildi. Eng muhimi, ushbu tadbirdan tushgan mablagʻlar poytaxtda istiqomat qilayotgan kambagʻallarni koronavirus pandemiyasi davrida qoʻllab-quvvatlashga yoʻnaltiriladi. Bu haqda “Frans Press” xabar tarqatgan.

Avvaliga Maradonaning futbol koʻylagi lotereya doirasida oʻynaldi va shaxsiy gigiyena vositalari, niqoblar va yeguliklar uchun xayriya qilgan kishiga nasib etdi. Xullas, lotereya sotuvidan tushgan mablagʻlar Buenos-Ayresning chekka hududlarida karantin tartibi ostida yashayotgan kam taʼminlangan oilalarga ajratiladigan boʻldi.

“Biz bu davrdan oʻtib olamiz“, — deb yozgan Maradona 1986-yil Meksikada boʻlib oʻtgan jahon chempionatida kiygan futbolkasiga.

“Diyego biz uchun qanday ish qilganini, hatto oʻzi ham tasavvur qilolmaydi, buning bahosi yoʻq. Men oʻla-oʻlgunimcha undan minnatdorman“, — deydi mahalliy aholi vakillaridan biri Marta Gutyerres xonim.

7 493
OʻzA