O‘zA O`zbek

15.08.2018 12:49 Chop etish versiyasi

Maqsadim – Osiyo o‘yinlarida chempion bo‘lish

Maqsadim – Osiyo o‘yinlarida chempion bo‘lish

Joriy yilning 18 avgust – 2 sentyabr kunlari Indoneziyaning Jakarta va Palembang shaharlarida XVIII yozgi Osiyo o‘yinlari bo‘lib o‘tadi.

Unda 232 hamyurtimiz sportning 30 turi bo‘yicha mamlakatimiz sharafini himoya qiladi.

Iste’dodli yosh sportchilardan biri – tennis bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi Sabina Sharipova sakkiz yoshida tennis to‘garagiga bordi. Galina Suprunovadan tennisning ilk sirlarini o‘rgandi. Mazkur sport turi bilan jiddiy shug‘ullanib, nufuzli turnirlarda Vatanimiz sharafini munosib himoya qilishni o‘z oldiga maqsad qildi.

Sabina shahar va respublika miqyosidagi musobaqalarda toblandi. O‘n to‘rt yoshida O‘zbekiston terma jamoasiga qabul qilindi.

Xalqaro tennis federatsiyasining (ITF) o‘n olti yoshgacha bo‘lgan tennischi qizlar reytingida 12-pog‘onagacha ko‘tarildi. “Katta dubulg‘a” turkumiga kiruvchi “Australian open” turnirining o‘smirlar o‘rtasidagi bahslarida chorak finalga qadar yetib bordi. O‘n besh yoshida poytaxtimizda Xalqaro xotin-qizlar tennis uyushmasi (WTA) tomonidan o‘tkaziladigan “Tashkent Open” turnirida ilk bora ishtirok etdi.

Sabina nufuzli musobaqalarda o‘z iqtidorini namoyon etdi. Xalqaro maydondagi ilk sovrinni 2010 yili Malayziyaning Kuchin shahrida o‘tgan turnirda qo‘lga kiritdi. 2012 yili Andijonda o‘tgan nufuzli musobaqada shohsupaga ko‘tarildi.

2013 yilda Qarshida Xalqaro tennis federatsiyasi musobaqalar taqvimidan joy olgan ikki nufuzli turnirda zafar quchgan Sabina o‘sha yili Qozog‘istondagi musobaqada ham g‘alaba qozondi. 2016 yilda ITF tomonidan O‘zbekiston, Hindiston, Xitoyda o‘tgan musobaqalarda bosh sovrinni qo‘lga kiritgan.

Iste’dodli tennischimiz joriy yilgi sport mavsumida o‘z oldiga ulkan maqsadlar qo‘ygan. U Turkiya va O‘zbekistonda o‘tkazilgan nufuzli turnirlarda g‘alaba qozondi va “Katta dubulg‘a“ turkumiga kiruvchi “Rolan Garros“ hamda “Uimbldon“ turnirlarida munosib ishtirok etdi.

– Osiyo o‘yinlarida mamlakatimiz sharafini himoya qilish katta baxt, – deydi S.Sharipova. – Qit’amizning eng kuchli tennischilari jam bo‘ladigan bu musobaqaga jiddiy tayyorgarlik ko‘rdik. Biz Vatanimiz sharafini munosib himoya qilib, o‘zbek farzandlari hech kimdan kam emas va kam bo‘lmasligini dunyoga yana bir bor namoyon etishni maqsad qilganmiz.

J.Toshxo‘jayev, O‘zA
3 064