O‘zA O`zbek

13.05.2020 Chop etish versiyasi

“Mahoratli sportchilarga havas qilardim...”

“Mahoratli sportchilarga havas qilardim...”
Paralimpiya

Pandemiya sharoitida ham fargʻonalik sportchilar salmoqli yutuqlarni qoʻlga kiritmoqda. Azizbek Ibragimov Tokio shahrida boʻlib oʻtadigan XVI Paralimpiya oʻyinlarida ishtirok etish imkoniyatiga ega boʻldi.

Bolalikning shoʻx damlari yetti yoshli bolakay hayot tarzini tubdan oʻzgartirib yubordi. Temir yoʻlda harakatlanib ketayotgan poyezdga osilib halokatga uchradi, ikki yogʻidan ajraldi. Ammo tushkunlikka tushmadi, hayotga boʻlgan umidini uzmadi. Ziyoli oilada kamolga yetgan Azizbek hamisha yaqinlari, ustoz, doʻst-birodarlari mehr-muhabbatini his qilib yashamoqda, undan kuch-quvvat olmoqda. Yoshlik chogʻidayoq harakatchanligi, sport mashqlarini tez oʻzlashtirib olish qobiliyati, ishtiyoqi bilan boshqa tengqurlaridan ajralib turardi. Uning bu boradagi qiziqish va intilishlarini sezgan Ilhomjon aka oʻgʻliga turli sport mashqlarini bajarish uchun sharoit yaratib berdi. Shu tariqa yengil va ogʻir atletika, paraoʻqotish sport turlarida viloyat, respublika va xalqaro musobaqalarda bir necha bor gʻolib boʻldi, mamlakat paralimpiya terma jamoasi aʼzoligiga qabul qilindi, sport ustasi degan sharafli nomga sazovor boʻldi.

– Katta sportga kirib kelgan ilk kunlar, hayajonli damlar, mashgʻulotlar jarayonida kechgan oʻziga xos qiyinchiliklar hanuz yodimda, – deydi Azizbek. – Bu yerdagi tengqurlarim, katta yoshdagi sportchilar harakati, mahoratlarini koʻrib havasim kelardi, ulardek boʻlishga intilardim. Shu sababli mashgʻulotlarga tez koʻnikib ketganman. Vaqt topdim deguncha mudofaaga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti sport maktabiga borardim. Oilamdagilar mening intilishim, izlanishlarimni hamisha qoʻllab-quvvatlab har jihatdan amaliy yordam bergan, yangi marralar sari ruhlantirib turgan.

Har qanday sport turida muvaffaqiyat qozonish uchun orzu-havasning oʻzi kamlik qiladi. U mehnat va izlanish, tinimsiz mashgʻulot, ustozlar oʻgit-maslahatlarining mahsuli. Bu tamoyilga amal qilib ish tutgan sportchi, bir necha yildirki nufuzli xalqaro musobaqalarda vatanimiz sharafini munosib himoya qilib kelmoqda.

Polshada boʻlib oʻtgan Xalqaro gran-pri turnirda sportning paraoʻqotish turida kumush medalni qoʻlga kiritdi. 2018-yilda Indoneziyaning Jakarta shahrida oʻtkazilgan 3-Paraosiyo oʻyinlarida muvaffaqiyatli ishtirok etdi. 2019-yilda Avstraliyada boʻlib oʻtgan nufuzli xalqaro musobaqa gʻoliblari safidan joy oldi. Bu zafarli odim iqtidorli sportchiga 2021-yilda boʻlib oʻtadigan Paralimpiya musobaqalari yoʻllanmasini taqdim etdi.

– Azizbek boshqa sportchi yoshlardan harakatchanligi, oʻz maqsadi yoʻlida har qanday qiyinchiliklarga chidamliligi, oʻquv-mashqlarga ijodiy yondashishi, izlanishi, irodasining mustahkamligi bilan ajralib turadi, – deydi sport murabbiyi Natalya Yefimova. – Shu bois mashgʻulotlarni oʻtkazish, belgilangan marralar sari qadam tashlash oson kechadi. Boshqa sportchilar bilan tez doʻstlasha olishi, yaxshi xulq-atvori, jamoadagi ahillik, inoqlik, hamjihatlik rishtalarini bogʻlashda faolligi bilan ham koʻpning hurmat-eʼtiborini qozongan.

Paraoʻqotish sport turi bilan shugʻullanish bir qaraganda oddiy jarayondek koʻrinadi. Ammo mustahkam jismoniy tayyorgarlik, ishonch va maqsadsiz bu vazifani uddalab boʻlmaydi. Aytishlaricha, bu sport turi aniq harakat, hisob-kitob bilan ishlashni talab qiladi. Ozgina eʼtiborsizlik, shoshma-shosharlik katta xatoliklar kelib chiqishiga asos boʻladi.

Har qanday gʻalaba ortida mashaqqatli mehnat, intilish, yaratib berilgan imkoniyatdan samarali foydalanish muhim oʻrin tutadi. Ayni kunlarda karantin talablari qoidalariga rioya qilib oʻz xonadonida murabbiylar koʻmagida masofaviy oʻquv-mashgʻulotlarga zoʻr berayotgan sportchi yigitning gʻalabali odimlari yana-da bardavom boʻlaversin.

8 066
Maʼsudjon SULAYMONOV, OʻzA