O‘zA O`zbek

05.08.2019 12:16 Chop etish versiyasi

“Lokomotiv” uchun joriy mavsum tugadimi?

“Lokomotiv” uchun joriy mavsum tugadimi?

Xabaringiz bor, kecha Oʻzbekiston kubogi nimchorak final oʻyinlari davom ettirildi. Yakshanbaga belgilangan uchrashuvlar orasida “Surxon” – “Lokomotiv” qarama-qarshiligi muxlislar eʼtiborini tortishi kutilayotgandi. Amalda shunday boʻldi ham.

Termizdagi bahs keskin kurashlar ostida oʻtdi. Samvel Babayan boshqaruviga oʻtgach u qadar yorqin oʻyin namoyish etolmayotgan temiryoʻlchilar kubok uchrashuvida ham muammolarga duch kelishdi. Ochigʻi, birgina Oleg Zoteyevning jarohati “Lokomotiv” uchun shuncha muammo tugʻdirishini kutmagandim. Ammo, qayd etilayotgan natijalar bu fikrning qanchalik toʻgʻri ekanligini tasdiqlamoqda. Negaki, jamoaning asosiy tarkib futbolchilaridan faqatgina Zoteyev jarohati sababli rasmiy oʻyinlarda ishtirok etolmayapti. Uning joyini esa gohida Diyor Turopov, gohida Sardor Mirzayev egallamoqda, ammo oʻzining munosib egasini hozircha topolgani yoʻq.

“Surxon”ga qarshi kubok uchrashuvini ham mehmonlar dadil boshladi va 7-daqiqadayoq Sardor Mirzayev jamoasini hisobda oldinga olib chiqdi. Biroq, shundan keyin “Lokomotiv” natija uchun oʻynash, hisobni saqlab qolishga intildi. Bu esa ularga juda qimmatga tushdi. Avvaliga Azamat Isroilov tanaffusga yaqin muvozanatni tiklagan boʻlsa, oʻyin oxirlarida Abdulaziz Yusupov hamda Darko Stanoyevichlar yana ikki bor Javohir Ilyosov qoʻriqlayotgan darvozani ishgʻol etib, temiryoʻlchilarni musobaqadan chiqarib yuborishdi.

Eʼtiborlisi, “Lokomotiv” Samvel Babayan boshqaruviga oʻtgach oʻtkazilgan 6ta rasmiy oʻyinning naqd toʻrttasida magʻlub boʻldi. Bu chempionlik uchun kurashib kelayotgan, hozirgi sharoit, imkoniyat va tarkibga ega “Lokomotiv” uchun koʻp emasmi? Nazarimda juda koʻp.

Avvalroq temiryoʻlchilar jamoasi Liga kubogidan ham chiqib ketishgani, superligada esa peshqadam “Paxtakor”dan naqd 11 ochkoga ortda qolayotganini hisobga olsak, “Lokomotiv” uchun MAVSUM-2019 amalda sovrinlarsiz tugashi oydinlashadi. Kumush yoki bronza medali – sovrin degani emas, ayniqsa “Loko”dek superklub uchun. Shunday ekan, jamoada nimadir qilish, qandaydir islohotlarga qoʻl urish kerak emasmi, degan savol tugʻiladi. A labbay?!

OʻzA
523