“Lokomotiv”ning muxlislarga tatimagan irodali gʻalabasi
Bugun Osiyo Chempionlar ligasining 6-tur oʻyinlari davom ettirildi. Mamlakatimizning amaldagi chempioni “Lokomotiv” oʻz maydonida Qatarning “Ar-Rayan” klubi bilan kuch sinashdi.
Bugun Osiyo Chempionlar ligasining 6-tur oʻyinlari davom ettirildi. Mamlakatimizning amaldagi chempioni “Lokomotiv” oʻz maydonida Qatarning “Ar-Rayan” klubi bilan kuch sinashdi.
Ushbu oʻyin temiryoʻlchilarga hech narsa bermasdi, negaki Andrey Fyodorov shogirdlari allaqachon keyingi bosqich bilan xayrlashib ulgurgan, bu oʻyin shunchaki rasmiyatchilik uchun oʻtkazilardi. Faqat mezbonlar Qatar klubiga qarshi millat futboli shaʼni uchun maydonga tushdi, desak toʻgʻri boʻlardi.
Biroq oʻyin kutilmaganda “Loko” uchun muvaffaqiyatsiz boshlandi. “Ar-Rayan”ning ilk hujumi temiryoʻlchilar darvozasi ishgʻol etilishi bilan tugadi, Ikromovning qoʻpol xatosini Tabata kechirmadi. Mezbonlar oʻtkazib yuborilgan goldan oʻzlariga kelib ulgurmasdan qatarliklar hisobni 0-2ga oshirdi. Oʻsha daqiqalarda hech kim “Lokomotiv”ning vaziyatni oʻnglashiga ishonmagan boʻlsa kerak. Ammo mezbonlar bu fikrga qoʻshilishni istamadi va tanaffusgacha hisobdagi farqni qisqartirishga erishdi.
Ikkinchi boʻlim ham maydon egalarining havfli hujumlari ostida boshlandi va bu tezda oʻz samarasini berdi. Bu safar Temurxoʻja Abduxoliqov oʻz soʻzini aytdi va oʻyinda hisob tenglashdi.
Buyogʻiga temiryoʻlchilarni gʻalabadan atigi bir qadam ajratib turardi. Ana shu qadamni ham Temurxoʻja tashladi, uning 61-daqiqada urgan goli “Lokomotiv”ga uzoq kutilgan gʻalabani tortiq qildi.
Ammo bu yutuq ularning muxlislariga tatimadi, negaki jamoa yana OCHLni guruh bosqichidayoq tark etdi. Faqat bu muvaffaqiyat bir holatda qoʻl kelishi mumkin, yaʼni Oʻzbekiston klublariga 2020 hamda 2021 yillar uchun ajratiladigan oʻrinlar soni hozirgidek 1+2 tizimida qolishida.
“Lokomotiv” (Oʻzbekiston) - “Ar Rayyan” (Qatar) - 3:2
21 may 2019 yil. “Lokomotiv” stadioni. 2540 tomoshabin.
Hakamlar: Ma Ning, Sao Yi, Shi Siang, Zang Lei (barchasi Xitoy).
Gollar: Rodrigo Tabata 2, - 0:1. Gonsalo Viyera 22, - 0:2. Sardor Mirzayev 35, - 1:2. Temurxoʻja Abduxoliqov 47, - 2:2. Temurxoʻja Abduxoliqov 61, - 3:2.




