O‘zA O`zbek

31.07.2019 Chop etish versiyasi

“Lokomotiv”dan qiyin, “Paxtakor”dan esa yirik gʻalaba

“Lokomotiv”dan qiyin, “Paxtakor”dan esa yirik gʻalaba

Kecha Oʻzbekiston superligasida 15-tur oʻyinlariga start berildi

Oʻzbekiston superligasining 15-tur oʻyinlariga Qoʻqonda start berildi. Unda mezbon “Qoʻqon-1912” jamoasi Jizzaxning “Soʻgʻdiyona” klubini qabul qildi.

Qoʻqonliklar hozirda jadvalning soʻnggi pogʻonasini egallab turibdi. Ularga gʻalaba suv va havodek zarur edi. Ammo, davralar oraligʻida oʻz tarkibini mahoratli futbolchilar hisobiga kuchaytirgan Ulugʻbek Baqoyev shogirdlari Qoʻqonga shunchaki kelmaganligini amalda isbotlashdi. Ularning ilk hujumi gol bilan yakunlandi, Ivan Nagayev mehmonlarni hisobda oldinga olib chiqdi.

Koʻp oʻtmay maydon egalari 11 metrlik jarimadan muvozanatni tikladi. Belgilangan jarimani Murod Xolmuhamedov aniq amalga oshirdi. Koʻpchilik endi qoʻqonliklar vaziyatni oʻnglashiga umid qilib turgan bir pallada Kaxi Maxaradze “Soʻgʻdiyona”ni yana oldinga olib chiqdi. Ushbu gol oʻyin taqdirini hal qildi: “Qoʻqon-1912” – “Soʻgʻdiyona” – 1:2.

Toshkentda esa “Lokomotiv” Samarqandning “Dinamo” jamoasini qabul qildi. Oʻtgan turda Jizzaxda alamli magʻlubiyatni qabul qilib olgan temiryoʻlchilar hali oʻzlariga kelib ulgurishmagani kechagi oʻyinda ham sezilib turdi. Birinchi boʻlimda mehmonlar oʻz darvozasi daxlsizligini saqlab qoldi. Ammo, tanaffusdan keyin Samvel Babayan shogirdlari raqib darvozasiga yoʻl topishdi, 56-daqiqada Temurxoʻja Abduxoliqov penaltidan hisobni ochdi. Birozdan keyin mehmonlar maydonda bir kishi kam boʻlib qolishdi, Jasur Azimov ikkinchi ogohlantirish tufayli maydonni sheriklaridan ertaroq tark etishga majbur boʻldi. Oʻyinga qoʻshib berilgan daqiqalarda “Loko”ning yangi xaridi Ariagner Medina Smit jamoasining ustunligini mustahkamladi.

Chempionat peshqadami “Paxtakor” esa oʻtgan turda Namanganda sensatsion gʻalaba qayd etgan “Qizilqum” maydoniga safar qildi va raqibining deyarli qarshiligini sezmadi ham. Bu natijada ham aks etib turibdi: “Qizilqum” – “Paxtakor” – 0:5. Igor Sergeyevning dubli hamda Yegor Krimes, Marko Simich hamda Dostonbek Hamdamovlar tomonidan kiritilgan 5ta gol “sherlar”ni navbatdagi chempionlik sari yaqinlashtirdi.

Oʻzbekiston superligasining 15-tur qolgan uchrashuvlari bugun oʻtkaziladi. Turning markaziy oʻyinlaridan biri Toshkentda “Bunyodkor” va “Surxon” jamoalari oʻrtasida boʻlsa, Bekobodda “Metallurg” soʻnggi turlarda ajoyib oʻyin namoyish etayotgan “Nasaf”ni qabul qiladi. Shuningdek bugun AGMK – “Andijon” hamda “Buxoro” – “Navbahor” jamoalari ham oʻzaro kuch sinashadi.

3 324
O.ESHMAMATOV, Muhammad AMIN (surat), OʻzA