O‘zA O`zbek

22.08.2018 19:26 Chop etish versiyasi

Kurashchilarimizdan qo‘sh medal yoxud Mo‘minjonning faoliyatidagi birinchi oltin medal

Kurashchilarimizdan qo‘sh medal yoxud Mo‘minjonning faoliyatidagi birinchi oltin medal
XVIII yozgi Osiyo o‘yinlarining yunon-rum kurashi musobaqalarida bugun uch nafar atletimiz gilamga chiqdi. 87 kilogacha bo‘lgan vaznda Rustam Assakalov, 97 kilogacha vaznda Jahongir Turdiyev hamda eng og‘ir 130 kilogacha bo‘lgan vaznli polvonlar orasida Mo‘minjon Abdullayev O‘zbekiston sharafini himoya qildi. Rustam Assakalov o‘z vazn toifasida avvaliga qozog‘istonlik Azamat Kustubayevni qiyinchilik bilan mag‘lub etdi. Chorak finalda esa qirg‘izistonlik Samat Shirdakovga hech qanday imkoniyat qoldirmadi. Yarim finalda esa hindistonlik Sinx Xarprit 10:0 hisobida dog‘da qoldirildi va Rustam finalda. Biroq, terma jamoamiz a’zosiga ikki karra Osiyo o‘yinlari g‘olibi bo‘lish nasib etmadi, aniqrog‘i bunga eronlik ikki karra Osiyo chempioni Husayn Nuri yo‘l qo‘ymadi. Hal qiluvchi bahsda 6:1 hisobida imkoniyatni boy bergan Assakalov terma jamoamizga yana bir kumush medalni taqdim etdi.

97 kilogacha bo‘lgan vaznda gilamga chiqqan Jahongir Turdiyev esa birinchi davradayoq mag‘lubiyatga uchragandi. Ammo o‘tish bellashuvidagi g‘alaba hamyurtimizga bronza medali uchun kurashish imkonini taqdim etgandi. Lekin bu safar ham Jahongir ishonchni oqlamadi. U qirg‘izistonlik Uzur Jusupbekovga yutqazib qo‘ydi.

Va nihoyat eng og‘ir vaznli kurashchimiz Mo‘minjon Abdullayev ilk bosqichda janubiy Koreyalik Kim Min Sokni yirik – 7:0 hisobida mag‘lub etdi. Chorak finalda Tojikiston vakili Suhroj Azizov yanada yirik hisobda tor-mor etildi. Yarim finalda hamyurtimiz chinakamiga jiddiy qarshilikka duch keldi. Eronlik Mahdizoda Benom bilan kechgan bellashuvning asosiy vaqtida g‘olib aniqlanmadi. Faqat qo‘shimcha bo‘limda Abdullayev g‘alabani yulib ketdi. Hal qiluvchi bahsda esa Mo‘minjonga qo‘shni qozog‘istonlik Nurmaxon Tinaliyev ro‘baro‘ keldi. Ikki karra Osiyo o‘yinlari g‘olibi bo‘lmish Qozog‘iston terma jamoasi a’zosi o‘z faoliyatida uchinchi Osiyo o‘yinlari oltin medalni qo‘lga kiritishiga hamyurtimiz yo‘l bermadi. Ruhiy jihatdan puxta tayyorgarlikka ega sportchimiz nomdor raqibiga ham hech qanday imkoniyat qoldirmadi – 8:0 va muddatidan oldin g‘alaba. Shuni ta’kidlash kerak, 28 yoshli kurashchimiz qit’a va jahon chempionatlari, Gran-pri turnirlari sovrindori bo‘lgan, ammo faoliyatidagi dastlabki xalqaro oltin medalni aynan Jakarta gilamlarida qo‘lga kiritdi. Terma jamoamiz esa 3 ta oltin, 5 ta kumush va 6 ta bronza medali bilan norasmiy umumjamoa hisobida 9-o‘ringa ko‘tarilib oldi.

O‘zA
5 207