Badminton bo‘yicha O‘zbekistonning yosh chempionlari aniqlandi
Buxoroda badminton bo‘yicha bolalar va o‘smirlar o‘rtasida mamlakat chempionati bo‘lib o‘tdi.
Buxoroda badminton bo‘yicha bolalar va o‘smirlar o‘rtasida mamlakat chempionati bo‘lib o‘tdi.Musobaqada Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan 200 ga yaqin yosh sportchi 2 yosh guruhida g‘oliblik uchun bahslashdi.
2003-2004 va 2005-2007-yillarda tug‘ilgan o‘g‘il-qizlar o‘rtasida tegishli ravishda Buxoro viloyatidan H.Barnoyev, Navoiydan M.G‘aniyeva, Toshkent shahridan I.Barinov, B.Qosimjonova g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.
Juftlik bahslarida Navoiy viloyati vakillari g‘olib bo‘ldi. Aralash musobaqalarda ham navoiylik badmintonchilar M.G‘aniyeva – R.Sattorov birinchi o‘rinni egalladi.
Musobaqaning jamoaviy bahslarida mezbon sportchilar g‘olib bo‘ldi. Ikkinchi va uchinchi o‘rinlarga Andijon va Xorazm viloyatlari badmintonchilari sazovor bo‘ldi.
– Sportning badminton turi tobora ommalashib, kuchli sportchilar yetishib chiqmoqda, – deydi musobaqa g‘oliblaridan H.Barnoyev. – Ular orasida kattalar o‘rtasida mamlakat terma jamoasi a’zolari Baxshulla va Fayzulla Amrillayevlar bor. Men ham ularga havas qilib, mahoratimni oshirishga harakat qilmoqdaman. Maqsadim ushbu sport turida xalqaro miqyosda ulkan g‘alabalarga erishish.
Musobaqa g‘oliblari medal va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.