O‘zA O`zbek

24.07.2020 Chop etish versiyasi

Koronavirus boʻlmaganida bugun dunyo ahli Tokio-2020 Olimpiadasining ochilish marosimini kuzatar edi

Koronavirus boʻlmaganida bugun dunyo ahli Tokio-2020 Olimpiadasining ochilish marosimini kuzatar edi


Bugun 2020-yil 24-iyul! Shu kundan 9-avgustga qadar Yaponiya poytaxti Tokio shahrida XXXII Yozgi Olimpiya oʻyinlari oʻtkazilishi rejalashtirilgan edi. Biroq dunyoda tarqagan SOVID-19 koronavirusi pandemiyasi sababli oʻyinlarni keyingi yilga qoldirishga qaror qilindi.

2021-yilga qoldirilish xronologiyasi


2020-yil 2-mart. Tokio-2020 Tashkiliy qoʻmitasi oʻyinlarni oʻtkazish masalasida xamma narsa rejadagidek ketayotgani xaqida bayonot berdi. Shu kunni oʻzida XOQ Tashkiliy qoʻmitaning bayonotini tasdiqladi.

18-mart. XOQ oʻyinlarni bekor qilish yoki qoldirish masalasi kun tartibida yoʻqligi boʻyicha maʼlumot berdi.

23-mart. Kanada, Avstraliya va Buyuk Britaniya agar oʻyinlar qoldirilmasa ishtirok etishdan bosh tortishligini maʼlum qilishdi. Shu kuning oʻzida Yaponiya Bosh vaziri Sindzo Abe sportchilar xavfsizligi yuzasidan Olimpiada qoldirilishi mumkinligini, XOQ aʼzosi va sobiq vitse-prezident Dik Paund esa oʻyinlar qoldirilish masalasi koʻrib chiqilayotganini “USA Today”ga maʼlum qildi.

24-mart. Xalqaro Olimpiya qoʻmitasi prezidenti Tomas Bax va Yaponiya Bosh vaziri SindzoAbe muhim va qiyin qarorni qabul qilishdi, yaʼni joriy yilning yozida boʻlib oʻtishi belgilangan Tokio-2020 Olimpiya va Paralimpiya yinlarini keyingi yili oʻtkazilishi boʻyicha kelishuvga erishildi. “2021-yilning yoz fasli Tokio Olimpiadasi uchun oxirgi sana boʻlib qoladi”, – deya qoʻshimcha qilgan edi Abe.

30-mart. Tokiodagi Olimpiya oʻyinlari 2021-yil 23-iyuldan 8-avgustga qadar boʻlib oʻtishi rasman eʼlon qilindi.


Nomzodlikdan mezbonlikkacha

XXXII yozgi Olimpiya oʻyinlarini oʻtkazish uchun rasmiy talabnoma 2011-yil 1-sentyabrda taqdim etilgan edi. 2012-yil 23-may kuni Xalqaro Olimpiya qoʻmitasi XXXII yozgi Olimpiya oʻyinlarini oʻtkazish uchun Madrid, Istanbul va Tokio shaharlari rasman daʼvogarlik qilishlarini maʼlum qildi. Bungacha Olimpiya oʻyinlariga davogarlik qilgan Boku(Ozarbayjon) va Doha (Qatar) shaharlari nomzodlikka qabul qilinmagan boʻlsa, Rim (Italiya) nomzodini Italiya xukumati qaytarib olgan edi. 2013-yil 7-sentyabr kuni Argentinaning Buenos-Ayres shahrida boʻlib oʻtgan XOQning 125-sessiyasida 2020-yilgi Olimpiya poytaxti Tokio shahri deb eʼlon qildi.

Mezbon shahar tanlash jarayoni juda keskin kurashlar ostida boʻlib oʻtganini qayd etib oʻtish joiz. XOQ aʼzolari orasida yashirin ovoz berish natijasida xech qaysi shahar 50 foizdan ortiq ovoz toʻplay olmadi Tokio (42%), Istanbul (26%), Madrid (26%). Final raundida ishtirok etish uchun Istanbul 49 foiz natija bilan Madridni (45%) ortda qoldirdi. Tokio va Istanbul shaharlari kurashida 60 ga 36 foiz ovoz bilan Tokio shahri gʻalaba qozongan edi.

Shu tariqa, Tokio shahri 1964-yildan soʻng ikkinchi bor yozgi Olimpiya oʻyinlariga mezbonlik qiladigan, Yaponiya esa 1972-yildagi Sappora va 1998-yildagi Nagonoda boʻlib oʻtgan Qishki Olimpiadalar hisobiga toʻrtinchi eng nufuzli musobaqasini oʻzida qabul qiladigan mamlakat boʻladigan boʻldi.

Inshootlar


XXXII yozgi Olimpiya oʻyinlarini oʻtkazish uchun Yaponiya xukumati asosan mavjud sport inshootlarini taʼmirlab, sanoqli yangi sport obyektlarini qurilganiga guvoh boʻlishimiz mumkin.

Sport inshootlarining katta qismi Tokio shahridagi Olimpiya shaharchasiga yaqin Tarixiy va Tokio Bey xududlarda joylashgan. Birinchi xududda 9 sport turi uchun 7 ta sport inshooti joy olgan boʻlsa, ikkinchi xududda 13 obyekt 15 ta sport turi boʻyicha musobaqalarga mezbonlik qilishi rejalashtirilgan. Qolgan 16 turidagi sport komplekslar Olimpiya shaharchasidan kamida 8 km uzoqdagi xududlarda joylashgan. Barcha sport inshootlari zamonaviy sovutish tizimi bilan jihozlangan.

Sport dasturi


Sport oʻyinlarining rasmiy dasturi 2017-yil 9-iyun kuni XOQ Ijroqoʻmi tomonidan tasdiqlangan. Oʻyinlar sportning 33 turidagi 50 yoʻnalishda jami 339 musobaqani qamrab oladi. Tokio-2020da butun dunyodan 11 090 nafar sportchi ishtirok etadi. Bu oʻyinlar gender tengligi boʻyicha eng yaxshi koʻrsatkichni taqdim etadi, yaʼni ishtirokchilarning 49 foizi ayollar! XOQ Prezidenti Toma Bax Tokio Olimpiadasining yutugʻi ishtirokchilar orasida ayollar sonining oshishi, “yoshlarbop” va “urban” sport turlari orqali qiziq boʻladi deya taʼrif bergan.

XXXII yozgi Olimpiya oʻyinlari XOQning yangi siyosati yaʼni mezbon mamlakat 5 ta sport turini qoʻshish imkoniga ega boʻlgani sababli karate, qoyaga chiqish, syorfing va skeytbord sport turlari uchun debyut boʻladi va 2008-yildan qayta tiklanishi kutilayotgan softbol sport turi ham 2020-yilgi Olimpiya dasturidan oʻrin oldi. Shuningdek, bu Olimpiada basketbol 3x3, BMX erkin usuli va velosportning Medison yoʻnalishlari uchun ham yangi musobaqa sifatida yodda qoladi.

Xozirga kelib, Olimpiya oʻyinlarining 57 foiz yoʻllanmalari egalarini topgan. Oʻzbekistonlik Olimpiyachilar sportning tennis, velosport, baydarka va kanoeda eshkak eshish, sport kurashlari, ogʻir atletika, gimnastika, yengil atletika, zamonaviy beshkurash, taekvondo va boks turlaridan jami 24 yoʻllanmani qoʻlga kiritishgan.

Boʻlajak Olimpiya oʻyinlari saralash musobaqalari va roppa-rosa bir yildan soʻng boshlanadigan Olimpiya oʻyinlarida xamyurtlarimizga zafar va omadlar tilab qolamiz.

Xalqaro aloqalar departamenti

direktori Kamoliddin Ergashev


9 180
O'zA