Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

04.08.2017 20:52 Chop etish versiyasi

Kollejda "aqlli suv havzasi" barpo etiladi

Respublika olimpiya zaxiralari kollejida yosh sportchilarni tayyorlash uchun mo‘ljallangan "aqlli suv havzasi" qurilishi loyihasi taqdimoti o‘tkazildi. Suv havzasini loyihalashtirishda zamonaviy normativlar e’tiborga olingan, suvni tozalaydigan "aqlli" tizimdan foydalanish ko‘zda tutilgan.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi, Chilonzor tumani hokimligi vakillari, sportchilar va o‘quvchilar ishtirok etdi.

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining birinchi o‘rinbosari O.Umarov va boshqalar zamonaviy texnologiyalar yosh sportchilarni tayyorlashda muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi. Bu texnologiyalar yoshlarga o‘z harakatlarini aniq bajarish, musobaqa chog‘ida zarur strategiyani tanlash, natijalarini yaxshilash imkonini beradi.

Ayni paytda Respublika olimpiya zaxiralari kolleji hududida sportchilarni olimpiya normativlariga muvofiq tayyorlash talablariga javob beradigan yangi sport-sog‘lomlashtirish kompleksi barpo etilmoqda. Buning uchun Ispaniya va Daniyadan zamonaviy jihozlar keltirildi. Start tumbalari, bayroq o‘rnatiladigan ustunlar, zinalar, basseyn tubi va yon devorlarini belgilash moslamalari Xalqaro suzish federatsiyasi talablariga mos keladi. Bularning barchasi bo‘lajak olimpiyachilarni zamonaviy sharoitlarda tayyorlash imkonini beradi.

Shuningdek, suv havzasi xavfsizligini ta’minlash va uning suvini tozalash tizimiga alohida e’tibor qaratilgan. Bu yerda zamonaviy tozalash uskunasi va suvni tahlil qilish imkonini beradigan "aqlli" tizim o‘rnatiladi. Suv havzasi zamonaviy isitish moslamalari bilan jihozlanadi va yil davomida faoliyat ko‘rsatadi.

Roman Bondarchuk, O‘zA
2 908






Все о погоде - Pogoda.uz