Kattaqo‘rg‘onlik Yodgoroy Mirzayeva
Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanma olgan birinchi o‘zbek bokschi qizi
Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanma olgan birinchi o‘zbek bokschi qizi
Musobaqadan yorug‘ yuz bilan qaytgan Yodgoroy Mirzayeva Samarqand temiryo‘l vokzalida tantanali kutib olindi. Viloyat hokimligi, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, keng jamoatchilik ishtirok etgan marosimda Prezidentimiz rahnamoligida mamlakatimizda sportning ommaviyligini oshirish, sportchilarimizni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.
Davlatimiz rahbarining 2013-yil 25-fevraldagi “O‘zbekiston sportchilarini 2016-yilda Rio-de-Janeyro shahrida (Braziliya) bo‘lib o‘tadigan XXXI yozgi Olimpiya va XV Paralimpiya o‘yinlariga tayyorlash to‘g‘risida”gi qarori ham ushbu e’tiborning yorqin ifodasi sifatida sportchilarimizning mazkur nufuzli sport musobaqasiga puxta hozirlik ko‘rishiga mustahkam zamin yaratdi.
Qaror ijrosini ta’minlash, olimpiya o‘yinlaridan joy olgan sport turlari federatsiyalari ishini yanada takomillashtirish va moddiy-texnik bazasini mustahkamlash borasida Samarqand viloyatida ham zarur chora-tadbirlar ko‘rildi. Olimpiada yo‘llanmasi uchun kechadigan bellashuvlarga tayyorgarlik yuzasidan ko‘plab musobaqalar o‘tkazildi.
1996-yil Kattaqo‘rg‘on tumanida tug‘ilgan Yodgoroy Mirzayeva erishgan muvaffaqiyatlar ham ana shu sa’y-harakatlar samarasidir.
Samarqand olimpiya zaxiralari kollejida Sh.Narziqulov murabbiyligida boks bilan shug‘ullangan Yodgora hozir Alisher Navoiy nomidagi Samarqand davlat universiteti jismoniy madaniyat fakultetining birinchi kursida tahsil olmoqda. Viloyat boks federatsiyasi ijrochi direktori B.Hasanov uni mamlakat va xalqaro musobaqalarga tayyorlamoqda.
– Qizim bolaligidan sportga mehr qo‘ydi, – deydi chempionning onasi Vazira Normurodova. – Qizlarga xos bo‘lmagan sport turi – boksga ishtiyoqi balandligidan avvaliga xavotirga tushdik. Ammo musobaqalarda yuqori natijalarga erishib, murabbiylarining unga ishonchi ortgani tufayli qo‘llab-quvvatladik. Shu tarzda O‘zbekiston birinchiliklari, xalqaro turnirlar, Osiyo chempionatida muvaffaqiyatli qatnashdi. Bir necha bor chempion bo‘ldi. Uning Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritgani oilamizdan tashqari, viloyatimiz, mamlakatimiz uchun ham quvonchli voqea bo‘lganini yuragimdan his etyapman. Bu Prezidentimiz rahnamoligida yoshlar kamoloti yo‘lida yaratilayotgan sharoitlar samarasidir.
Marosimda Yodgoroy Mirzayevaning onasi va ustozlariga viloyat hokimligining tashakkurnomasi va esdalik sovg‘alari topshirildi.