“Kamolot-tur” yoshlar velomarafoni g‘oliblari aniqlandi
Poytaxtimizda “Kamolot-tur” IX yoshlar velomarafonining mamlakat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Poytaxtimizda “Kamolot-tur” IX yoshlar velomarafonining mamlakat bosqichi bo‘lib o‘tdi.Mazkur an’anaviy musobaqa “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati tomonidan O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi, Madaniyat va sport ishlari, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim, Xalq ta’limi vazirliklari, O‘zbekiston Ekologik harakati, Respublika Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi kabi qator davlat va jamoat tashkilotlari hamkorligida tashkil etildi.
Mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishga qaratilayotgan alohida e’tibor samarasida har tomonlama sog‘lom va barkamol avlod voyaga etmoqda, ularning iqtidor va iste’dodi yuzaga chiqib, xalqaro maydonlarda Vatanimiz sharafini himoya qilishga qodir yoshlar safi kengayib bormoqda.
Jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish borasida “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati tomonidan qator ishlar amalga oshirilmoqda. An’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan “Kamolot-tur” velomarafoni ham ana shu ezgu maqsadga xizmat qilayotir. Bu yilgi musobaqaning quyi bosqichlarida 31,6 mingdan ziyod o‘g‘il-qiz ishtirok etdi. Ulardan saralangan ikki mingga yaqin havaskor velomarafonchi hududiy bosqichlarda o‘z mahoratini sinovdan o‘tkazdi.
Velomarafonning hududiy bosqichlarida g‘alaba qozongan velosportchilar o‘n to‘rt kilometrlik masofaga o‘tkazilgan musobaqaning mamlakat bosqichida ishtirok etdi.
9-14 yoshli ishtirokchilar o‘rtasida xorazmlik Umidjon Baxtiyorov birinchi, namanganlik Akbar Nuriddinov ikkinchi va poytaxtlik Fazliddin Ro‘zimov uchinchi o‘rinni egalladi.
15-17 yoshli havaskor velomarafonchilar o‘rtasidagi musobaqada qoraqalpog‘istonlik Ilhom Yesaliyev marraga birinchi yetib keldi. Qashqadaryolik Asomiddin Boqiyev ikkinchi, andijonlik Muhammadaziz Tursunboyev uchinchi bo‘ldi.
– Velosport bilan to‘qqiz yoshimdan shug‘ullanaman, – deydi I.Esaliyev. – Musobaqada g‘olib bo‘lganimdan xursandman. Bunday tadbirlar biz, yoshlarni kelajakda xalqaro maydondagi musobaqalarga puxta tayyorgarlik ko‘rib, ularda muvaffaqiyatli ishtirok etishga undaydi.
18-30 yoshli poygachilar o‘rtasidagi bahslarda Toshkent shahridan Javohir Egamberdiyev oltin, Buxoro viloyatidan Denis Golovanov kumush, Jizzax viloyatidan Nodir Xursanov bronza medalni qo‘lga kiritdi.
– An’anaviy tarzda o‘tkazilayotgan mazkur musobaqada uch yildan buyon qatnashaman, – deydi J.Egamberdiyev. – Bunday musobaqalar yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish, jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish, o‘zaro do‘stlik aloqalarini mustahkamlashda muhim ahamiyatga ega.
Shuningdek, velomarafon ishtirokchilari “Eng yosh ishtirokchi”, “Faxriy velopoygachi”, “Eng mahoratli texnik velopoygachi”, “Eng irodali velopoygachi” kabi nominatsiyalar bo‘yicha ham taqdirlandi.